Smartgov Consulting konsalting byurosi ijrochi direktori, faol jamoatchi Aziza Umarova mamlakatda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish bilan bog‘liq muammolar tufayli yuzaga kelgan vaziyat haqida o‘z fikrini bildirdi.
"Facebook tirikligidan ko‘ra o‘lganligi aniqroq. Men VPN’ning noqulayligi, internet tezligi va bu qadamning umumiy siyosiy jihatlaridan ko‘ra uning “biznes modeli” Facebook asosiga qurilgan kichik biznes va fuqarolik jamiyatiga qanday zarar keltirayotganligi haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman", – deb yozdi u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchidan bu ayollarning uydagi kichik biznesiga ta'sir ko‘rsatdi.
"Masalan, "Vkusnaya istoriya" sahifasi bor. Facebook orqali odamlar uyida buyurtma asosida turli taomlar tayyorlaydigan ayol haqida bilib olishadi. Tug‘ruq ta'tilidagi ko‘plab ayollar ijtimoiy tarmoq orqali rivojlanishga asoslangan bizneslarini boshlashadi. Biz aynan mana shunday ayollarni mijozlaridan mahrum qilyapmiz. Facebook "lidlar" yaratishga, ya'ni oilalarning o‘zini boqishiga, farzandlarni oldinga harakatlantirishga imkon bergandi", – deb yozadi Umarova.
Ikkinchidan, bu vaziyat hunarmandlarni, masalan o‘z qo‘llari bilan ajoyib bezaklar tayyorlaydigan Karina Kenjayeva (Buxoro) va Yuliya Zavertayloga (Toshkent) salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Foydalanuvchilar Facebook orqali ularning ishlari bilan tanishishar va buyurtmalar berishardi, deydi u.
"Ijtimoiy tarmoqlarni o‘ldiring va ko‘plab hunarmandlar barqaror buyurtmalarsiz qolishadi", – deb yozdi Umarova.
Shu bilan birga, uning fikricha, mamlakatimizda Facebook tashabbuskor guruhlarning maydoni sifatida fuqarolik jamiyatining ijtimoiy loyihalari o‘rnini egalladi.
"Masalan, mamlakatimizda haligacha ijtimoiy himoya bo‘yicha vakolatli organ yo‘q. Ha, yo‘q! O‘nlab guruhlarda ko‘ngillilar uysiz qariyalarga boshpana izlashadi, ko‘chada qolib ketganlarning hujjatlarini tiklashga yordam berishadi, bemorlar uchun doriga pul yig‘ishadi, internatlarga borishadi, viloyatlardagi muhtoj bolalarga issiq kiyim va poyabzal berishadi.. Facebook’ni yo‘q qiling va siz jam bo‘lib pul yig‘ayotganlarni ko‘rinmas o‘limga mahkum qilasiz", – deya xulosa qiladi Aziza Umarova.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish borasida muammolar 4 sentabrda boshlanib, 12 sentabrgacha davom etgandi. Ikkinchi marta esa ijtimoiy tarmoq 17 sentabr kuni "uxladi" va hali ham unga kirib bo‘lmayapti.