Davlat test markazi sudda yutqazdi. Endi abituriyent talaba bo‘la oladimi?

Jamiyat 12:51 / 22.09.2018 200729

Janubiy Koreyada har yili o‘tkaziladigan o‘qishga qabul imtihonlari tizimi (CSAT) o‘zining ijobiy tomonlari bilan bu boradagi qoloq va rivojlanayotgan davlatlar uchun o‘rnak bo‘ladi. CSAT (college scholastic ability test) – o‘quvchilarning oliy o‘quv dargohiga qabul imtihonlari jarayonini anglatadigan tizimdir. Bu tizim 1994 yildan buyon samarali ishlab kelmoqda. Test jarayonlari yilda bir marta, noyabr oyida o‘tkaziladi. Bu kunni abituriyentlar «inson taqdiri hal bo‘ladigan kun» deb atashadi. 

Hukumat imtihonlar chindan ham shaffof o‘tishini nazoratiga oladi. Katta bozorlar ishlamaydi. Keraksiz yoki muqobil varianti bor samolyot reyslari vaqtincha to‘xtatiladi. Shovqinlar darajasi kamaytiriladi. Mamlakat sokinlikka cho‘madi. Ko‘chada politsiya mashinasi ichida imtihonga ketayotgan abituriyentlarga ham ko‘zingiz tushsa hayron bo‘lmang. Politsiya xodimlari abituriyentlar imtihon binosiga kech qolmasligi uchun ko‘maklashayotgan bo‘ladi. Ular yoshlar kelajak asoschilari bo‘lishini yaxshi anglashadi. 

Imtihon jarayonlariga mansabdor shaxslar pul topish imkoniyati sifatida qaramaydi. Bunga tubanlikning eng oxirgi bosqichi sifatida qarashadi. Ular bu jarayondan faqatgina razil shaxslar o‘z manfaati yo‘lida foydalanadi, deb bilishadi. Ular bu sohada kelajakka deyarli xiyonat qilishmaydi.

Afsuski, bizda, O‘zbekistonda kirish imtihonlarida qabih ishlar uchrab turadi. Odamlar bir-birini aldaydi. Bir tomon farzandi o‘qimasdan, tayyorlanmasdan, qiynalmasdan va hattoki imtihonsiz, pora evaziga o‘qishga kirishini istasa, ikkinchi taraf unga ko‘maklashib o‘sha harom pulni olib, bolasiga yediradi. Oqibatda birinchi tarafning farzandi bo‘lg‘usi poraxo‘r bo‘lib yetishadi. Nafsi yo‘lida Benjamin Franklin rasmi tushirilgan dollarlarda pora oladigan shaxsga aylanadi. Ikkinchi tarafning farzandi ham «haromxo‘r» bo‘ladi, barcha razilliklarni qiladi. Chunki harom yeb katta bo‘lganda! Vaqt o‘tib ota-onalar «Nega, ey Xudo? Cenga nima yomonlik qilgandim?» deb attang qilib qolishadi. Lekin kech bo‘ladi. Bu dunyodagi jazo esa hech narsa emas... 

«Kun.uz» tahririyatiga yaqinda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi oila murojaat qildi. Oila boquvchisi Alisher Rahimovning aytishicha, qizi Muxlisa Axmadullayeva o‘tgan yili Namangan Davlat universitetining «Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili yo‘nalishi»ga hujjat topshirgan. 1 avgust kuni o‘tkazilgan imtihonlar yakuni bo‘yicha 59,8 ball to‘plagan va kirish imtihonidan yiqilgan. Yillar davomida tayyorlangan abituriyent o‘z natijasidan hayratlangan. Shubhalangan.

Oila Toshkent shahriga kelib Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga yozma e'tiroz bildirgan. E'tiroz ko‘rib chiqilgan. Ularga test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasi ko‘rsatilgan. Bu qog‘ozlar Muxlisaniki emasdi. 

Ular sudga ariza bilan shikoyat qilgan. Otaning ta'kidlashicha, Davlat test markazi direktori Majit Karimov «Agar sudda yutsangiz, men qizingizni albatta o‘qishga tiklatib beraman» deb va'da qilgan.

Ishni Toshkent shahar Sergeli tumani ma'muriy sudi ko‘rib chiqqan. Avvaliga sud tomonidan test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasidagi yozuvlar soxta yoki soxta emasligini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi ekspertiza o‘tkazgan. Xulosaga ko‘ra, qog‘ozlardagi imzo va yozuvlar Muxlisaniki emasligi aniqlangan. 

Nihoyat, 2018 yilning 19 iyul sanasida Sergeli tuman ma'muriy sudi hal qiluv qarorini e'lon qiladi. Davlat test markazi tomonidan taqdim qilingan savollar kitobi va javoblar varaqasi haqiqiy emas deb topiladi. Yashasin adolatli sud!  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi zimmasiga shikoyatni qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklatildi.

Biroq, hozirga qadar Muxlisaning o‘qishga tiklanish masalasi aro yo‘lda qolmoqda. Va'da bergan boshliq bu uning vakolati emasligini tushunib yetgan. Ma'muriy sud abituriyentlarni talabalikka qabul qilish Davlat qabul komissiyasi vakolatiga kirishini ma'lum qilgan. Oila qizining o‘qishga tiklanishini istaydi. Ular juda ko‘p tashkilotlarga murojaat qilishgan. Lekin natija yo‘q.

Alisher akaning so‘zlariga ko‘ra, Davlat test markazi xodimlari qizdan qog‘ozlar o‘zimniki va da'voyim yo‘q deb yozib berishini so‘ragan. Muxlisa rozi bo‘lmagan. Qayta imtihon o‘tkazamiz, undan o‘tsangiz, keyin yordam berishimiz mumkin, deb ham aytishgan. Muxlisa albatta bunga ham rozi bo‘lmagan. Axir qanday rozi bo‘lsin? U o‘z ishini 2017 yilning 1 avgustida bajarib bo‘lgan. Jabrlanuvchilar asl test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasi topilishini istaydi.

Shu o‘rinda har bir sog‘lom insonda savollar paydo bo‘lishi tabiiy. Test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasining «original»i qayerda? Yo‘qotilganmi? Qanday yo‘qotilgan? Yoki nima maqsadda yo‘qotilgan? Yo‘q qilinganmi? Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi shunchalik beg‘amlik bilan ish yuritadimi? Endi ruhiy zo‘riqish bilan shifoxonalarda davolanib chiqqan bechora qizning ahvoli ne kechadi? Sud qarori turib nega Muxlisadan Davlat test markazi xodimlari da'voyim yo‘q deb yozib berishni so‘rashgan? 

Murojaatchilarni yaqinda Davlat test markaziga chaqirishgan ekan. Fursatdan foydalanib yuqoridagi savollarimizga javob olish maqsadida murojaatchilar bilan birga Davlat test markaziga bordik. Ularning yonida kuzatuvchi sifatida qatnashmoqchi edik. Lekin bizni kiritishmadi. Savollar masalasida direktor yordamchisi chiqib, bu masala bilan murojaatlar bo‘limi ishlashini aytdi. Ularni kutdik, lekin javob bo‘lmadi. Keyin Majit Karimovdan izoh olish uchun dtm.uz saytida berilgan raqamga bog‘landik. Telefonni yordamchisi olib, u yo‘qligini va qo‘ng‘iroq qilganimiz haqida albatta xabar berishini aytdi. Lekin u yerdan ham hanuzgacha javob bo‘lmadi.

Hozirda hal qiluv qarori asosida  Toshkent shahar Yunusobod tumani ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tergov harakatlarini olib bormoqda. Ular hujjatlarni soxtalashtirgan shaxsni qidirishmoqda. Bu ko‘zbo‘yamachilik va yolg‘onlarga tez orada barham berilib, jinoyatchi va javobgar shaxslar tez orada jazosini olishi kerak. Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bu masala hal etilishini nazoratiga oladi. Vazirlar Mahkamasi ham bu masalada jim turmasligini kutib qolamiz. Har holda, tashkilot aynan Vazirlar Mahkamasi huzurida. Mazkur holatga javobgar boshqa mas'ul shaxslar ham jazosini olishi kerak.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi saytida «Alohida e'tirof etamiz – Davlat test markazi bundan keyin ham barcha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlashda davom etadi, jamoatchilik bilan axborot almashishda ularga ishonadi» deb jar solgan edi. Biroq buni amaliyotda ko‘rmayapmiz. DTM rahbariyati bilan bog‘lanishga bir necha bor harakat qildik, natija bo‘lmadi. Hamkorlik qilmoqchi edik, tashkilot yopiq. Bo‘lgan voqeaga izoh bera olishmadi. 

Endi bundan buyog‘iga yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolmaydi. Prezident boshlayotgan yo‘ldan borishga majburmiz. Davlat rahbari o‘z jamoasi bilan muammolarni hal qilish uchun yelib-yugurayotgan mahalda ishga sovuqqonlik bilan qarashga hech kimning haqqi yo‘q. Muammo bormi hal qilaylik. Beg‘am bo‘lmaylik. Byudjyetdan berilayotgan pulni halol olaylik. Xalqning puli u. Eplay olmayapmizmi, joyimizni bo‘shatib qo‘yaylik. Vatan rivoji uchun xizmat qilishga tayyor kadrlar topiladi.

Zafarbek Solijonov
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: