Germaniyaning Gannoverida o‘tayotgan tijorat texnikasi ko‘rgazmasi doirasida Ford avtomobilsozlik kompaniyasi F-Vision Future Truck deb nomlangan, avtopilotga ega elektr yuk mashinasining futuristik kontseptini taqdim qildi.
Ma'lum qilinishicha, kontsept Turkiyaning Koc Holding kompaniyasi va Ford’ning qo‘shma korxonasi Ford Otosan kompaniyasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Yuk mashina dizayni Marvel superqahramonlaridan ilhomlanib yaratilgan. Jumladan, yuk mashinaning kabinasi Temir odam shlemini eslatib yuboradi.
Mashinaning ko‘rsatkichlari haqida hozircha hech narsa ma'lum qilinmagan. Shu narsa ma'lumki, mashina elektromotor va 4-darajadagi avtopilot bilan jihozlangan, bu esa mashinaga normal ob-havo sharoitlarida muayyan hududlar va yo‘nalishlarda mustaqil harakatlanishga imkon beradi.
Ta'kidlash joizki, bunday yuk mashinalarni yaratish bilan ko‘plab kompaniyalar shug‘ullanmoqda. Misol uchun, Volvo yaqinda kabinasi bo‘lmagan, haydovchisiz yuk mashinasi kontseptini taqdim qildi. 2017 yil oxirida esa AQShning Thor Trucks startapi Thor ET-One elektr yuk mashinasi prototipini taqdim qilgan.
Biroq bozorga chiqariladigan ilk elektr yuk mashinasi Tesla Semi bo‘lishi mumkin. Bu mashinaning seriyali ishlab chiqarilishi 2019 yilda boshlanishi kerak.