Talabalar shaharchasidagi «Ma'naviyat va ma'rifat» markazi isloh etiladi. Unga sobiq «Fudziyama» kafesi bepul beriladi

O‘zbekiston 07:30 / 20.09.2018 7197

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ta'lim tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida joylashgan sobiq «Fudziyama» kafesi binosini tegishli hududi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi «Ma'naviyat va ma'rifat» markaziga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish taklifi ma'qullangan. Shuningdek, mazkur obektda Markaz tarkibidagi Talabalarning media ijtimoiy faoliyati va madaniy dam olish maskanini tashkil etish masalasi haqida ham gap bormoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi «Ma'naviyat va ma'rifat» markazi faoliyatini takomillashtirish hamda talaba va o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari dasturida belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish masalasi qayta ko‘rib chiqiladi. Vazirlar Mahkamasiga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bir oy muddatda Markazning yangi tahrirdagi ustavini ishlab chiqishi  va belgilangan tartibda tasdiqlashi kutilmoqda. 

Markazning asosiy vazifalari etib:

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining talaba va o‘quvchilarini yurtimiz hamda dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, xususan, yoshlar hayotiga oid voqealar, yangiliklar va qiziqarli ma'lumotlardan tezkor xabardor qilib, ularning vaqtini mazmunli o‘tkazishga mo‘ljallangan virtual axborot makoni (veb-sayt, portal, forum, messenjerlardagi kanallar va h.k.)ni yaratish va doimiy faoliyat olib borishini ta'minlash;

talaba va o‘quvchilarda kitobxonlik hamda mutolaa madaniyatini shakllantirish orqali ularning ma'naviy dunyosini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni tashkil etib borish;

ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bo‘lgan talaba va o‘quvchilar hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida ularni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy aksiyalar, tadbir va tanlovlar tashkil etish, ularda milliy kontentga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan bloggerlar klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

o‘qish yoki ish yuzasidan xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan muntazam virtual aloqani yo‘lga qo‘yish va ular bilan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot ishlarini olib borish;

oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ta'lim bilan bog‘liq dolzarb muammolar va ularning yechimini tahlil qilish hamda yoritib borish maqsadida press-klub tashkil etish va uning doimiy faoliyatini ta'minlash;

yoshlarning bepul madaniy dam olishlariga qaratilgan tadbirlar tashkil etish, teatr tomoshalari namoyish etib borilishini ta'minlash, ularga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini tashkil etish;

talaba va o‘quvchilar turizmini rivojlantirish, yosh avlodni mamlakatimizning tarixiy joylariga va buyuk ajdodlarimizning muqaddas ziyoratgohlariga doimiy tashriflarini uyushtirish;

oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida o‘tkaziladigan «Axborot va murabbiylik soatlari»ni metodik ta'minlash hamda turli mavzularda multimedia mahsulotlarini yaratish va tarqatib borish;

professor-o‘qituvchilar, talaba va o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarlik va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish;

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim tizimida ommaviy, madaniy-ma'rifiy va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari va turli musobaqalarni o‘tkazib borish belgilanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: