Cho‘kib ketgan afsonaviy kema topildi

Jahon 22:49 / 20.09.2018 32157

Avstraliya milliy dengiz muzeyi arxeologlarining fikricha, ular XVIII asrda britaniyalik tadqiqotchi Jyeyms Kuk boshqargan HMS Endeavour kemasining cho‘kib ketgan joyini aniqlashdi. Bu joy AQShning Rod-Aylend shtatidagi Narragansett ko‘rfazidagi Got oroli yaqinida joylashgan. 

Mutaxassislarning aytishicha, kema qoldiqlarini suv osti qazish ishlaridan keyingina aniq identifikatsiya qilish mumkin. Bu ishlarni 2019 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan. Arxeologlar eman va qarag‘ay yog‘ochidan tayyorlangan va suv ostida 200 yildan ko‘proq vaqt yotgan kemadan aynan nima qolganini bilishmaydi. 21 sentabrda muzey xodimlari kema cho‘kkan joy relefining batafsil uch o‘lchovli tasvirini taqdim qilishlari kutilmoqda.

Rod-Aylend shtati ma'muriyati avstraliyalik mutasaddi shaxslarga kemaning har qanday bo‘lagini Avstraliyaga olib ketishga ruxsat olish uchun muzokaralar o‘tkazishlariga to‘g‘ri kelishini aytgan. Muzey ishchilari qazish ishlari davomida topiladigan ba'zi buyumlarni 2020 yil aprelida, Kukning Avstraliyaga kelishining 250 yilligiga tomoshaga qo‘ya olishlariga umid qilishmoqda. 

Kema 1764 yilda qurilgan. U 1768 yilda Kuk qo‘mondonligi ostida Angliyaning Plimutini tark etib, o‘zining ilk dunyo bo‘ylab sayohatiga jo‘nagan. 1770 yil aprelida Kuk ushbu kemada Avstraliyaning sharqiy sohiliga yetib kelgan. Ta'kidlanishicha, kema sayohatdan keyin harbiy kemaga aylantirilgan va 1778 yilda AQSh mustaqilligi uchun urush vaqtida cho‘ktirib yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: