Jahon | 14:35
11027
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyalik erkak sun’iy yurak bilan 100 kun yashab, rekord o‘rnatdi

Avstraliyada 40 yoshli erkak 100 kun to‘liq sun’iy yurak bilan yashagan dunyodagi birinchi inson bo‘ldi. Mart oyi boshida unga haqiqiy donor yuragi ko‘chirib o‘tkazildi.

Foto: Claire Usmar/BiVACOR

Yangi Janubiy Uels shtatida yashovchi bemor og‘ir yurak yetishmovchiligidan azob chekib kelayotgandi. U o‘z xohishi bilan sun’iy yurak transplantatsiyasiga rozi bo‘ldi. Shu tariqa erkak Avstraliyada birinchi, dunyo bo‘ylab oltinchi implantat yurak olgan bemorga aylandi.

BiVACOR implantati avstraliyalik olim Daniel Timms tomonidan ishlab chiqilgan. Bu dunyodagi birinchi rotorli nasos va magnit levitatsiya asosida ishlaydigan qurilma bo‘lib, bunday mexanizm tabiiy qon aylanishiga o‘xshash jarayonni hosil qiladi.

Sun’iy yurak implantatsiyasi bo‘yicha dastlabki beshta operatsiya 2024 yilda AQShda o‘tkazilgan. Barcha bemorlar oxir-oqibat donorlik yuraklarini olgan, ammo implantatsiya va transplantatsiya o‘rtasidagi eng uzoq davr atigi 27 kunni tashkil etgan. Avstraliyalik bemor esa sun’iy yurak bilan uch oydan ortiq yashadi.

Avstraliya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 23 milliondan ortiq odam yurak yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda, ammo ulardan atigi 6 ming nafari donorlik yuragini oladi. Ushbu muammoni hal qilish uchun hukumat sun’iy yurak texnologiyasini rivojlantirishga 50 million dollar ajratdi.

Professor Kris Xeyvord BiVACOR yurak yetishmovchiligini davolash usulini tubdan o‘zgartirishiga qattiq ishonmoqda.

“Keyingi o‘n yil ichida sun’iy yurak donorlik yuragini kuta olmaydigan bemorlar uchun haqiqiy muqobil bo‘ladi”, — dedi u.

Qurilma hozircha vaqtinchalik yechim sifatida qaralayotgan bo‘lsa-da, kelajakda ishlab chiqaruvchilar uni yurak o‘rnini doimiy bosadigan vositaga aylantirmoqchi. Biroq professor Devid Kolkuxunning ogohlantirishicha, hozircha implantning ishlash muddati atigi 100 kun, donor yuragi esa 10 yildan ortiq (yoki 3000 kun) ishlaydi. Shu sababli sun’iy yurak transplantatsiyaning o‘rnini bosadi deb hisoblash uchun hali “uzoq yo‘lni bosib o‘tish kerak”.

Mavzuga oid