Avstraliyada Woolworths supermarketlar tarmog‘i igna sotishni vaqtincha to‘xtatdi

Jahon 18:20 / 20.09.2018 5152

Avstraliyadagi Woolworths supermarketlar tarmog‘i mevalar ichidan ignalar topilgani sababli mamlakatdagi barcha do‘konlarida igna sotishni to‘xtatdi. Bu haqda tarmoq vakiliga tayanib Sydney Morning Herald gazetasi xabar berdi.

"Biz do‘konlarimizda tikuv ignalarini sotuvdan vaqtincha olib tashlab xavfsizlik choralarini ko‘rmoqdamiz. Biz uchun xaridorlarimiz xavfsizligi ustuvor hisoblanadi", — dedi Woolworths vakili.

9 sentabrdan Avstraliyada bir nechta mevalar partiyasidagi qulupnaylar ichidan igna topila boshlandi. Bunday holatlar dastlab Kvinslend shtatida qayd qilingan: bu yerda qulupnay yegandan keyin shifoxonaga tushib qolgan mahalliy fuqarodan shikoyat olingan. U do‘stlari bilan boshqa qulupnaylarni tekshirib, ularning biridan yana bitta igna topgan.

Ignalar bilan bog‘liq yana ikkita hodisa haqida 17 sentabrda ma'lum bo‘lgan. Viktoriya va Janubiy Yangi Uels shtatlaridagi supermarketlarda qulupnay tekshirilganda unda igna borligi aniqlangan. Avstraliyaliklar ijtimoiy tarmoqlarda qulupnayni iste'mol qilishdan oldin uni kesib ko‘rishni yoki ignalar og‘iz, tomoq va ichki a'zolarga shikast yetkazmasligi uchun undan pyure tayyorlashni tavsiya qilishmoqda.   

Politsiya ushbu holat yuzasidan tergov boshlab, butun Avstraliyadan 7 ta ishlab chiqaruvchi gumon ostiga tushayotganini aniqlagan. Bu kompaniyalar mamlakatning aksariyat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi va shu sababli barcha 6 ta shtatga ogohlantirish yuborilgan.

Kvinslend ma'muriyati qulupnaylarga igna tiqib qo‘yilishi haqida ma'lumot berganlik uchun 100 ming Avstraliya dollari (72 ming dollar) to‘lashga va'da bergan.

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison mevalar ichiga igna tiqib qo‘yayotgan jinoyatchilar uchun jazoni 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha qat'iylashtirishni taklif qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: