Yevrokomissiya Apple tomonidan Irlandiyada to‘lanmagan soliqlar bo‘yicha sud ishini talab qilinayotgan summa to‘liq to‘langandan keyin yopishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda raqobat bo‘yicha yevrokomissar Margrete Vestager ma'lum qildi.
“Bugun Irlandiya moliya vaziri Paskal Donoxo Apple tomonidan to‘lanmagan 14 mlrd yevrolik soliq to‘liq to‘langanini tasdiqladi. Bu yaxshi yangilik. Endi biz sud taftishini yopishimiz mumkin”, deb aytgan Vestager.
Avvalroq Irish Times nashri Apple Irlandiya hukumati depozit hisob raqamiga oqlanmagan soliq imtiyozlari uchun kompensatsiya sifatida 14,3 mlrd yevro o‘tkazib berganini ma'lum qilgan. Ma'lum qilinishicha, ushbu summadan 13,1 mlrd yevro asosiy summani, 1,2 mlrd yevro esa foizni tashkil qiladi.
2016 yil avgust oxirida Yevrokomissiya tergov natijalariga ko‘ra, Irlandiya Apple’ga oqlanmagan soliq imtiyozlari taqdim qilgani haqidagi xulosaga kelgan. Buning natijasida mamlakat 13 mlrd yevro kam soliq olgan. AQSh kompaniyasi ushbu imtiyozlar natijasida Irlandiyaga 2003 yildan 2014 yilgacha to‘lanmagan soliqni qoplab berishi kerak bo‘lgan.