Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Baliqchilik sohasida seleksiya-naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjatda qayd etilishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha 3 mingdan ortiq baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsada, seleksiya-naslchilik ishlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va xo‘jaliklari soni atigi 6tani tashkil etadi.
Ma'lum qilinishicha, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan Rossiya Federatsiyasining “Rosrybxoz” uyushmasi o‘rtasida baliqchilik xo‘jaligi va akvakultura sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan;
Rossiya Federatsiyasining “Rosrybxoz” uyushmasi tomonidan O‘zbekistonda tashkil etiladigan seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasining ta'sischisi etib “Akvafishprom” mas'uliyati cheklangan jamiyati (Rossiya Federatsiyasi) taklif etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti bazasining bir qismida Rossiya Federatsiyasining “Rosrybxoz” uyushmasi bilan hamkorlikda baliqchilik sohasida mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasini tashkil etish;
Seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasining ustav fondi O‘zbekiston tomonidan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 51 foiz va Rossiya Federatsiyasi tomonidan “Rosrybxoz” uyushmasi nomidan “Akvafishprom” MChJ jamiyatining 49 foiz ulushi bilan shakllantirish;
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasi ustav fondidagi ulushi institutning Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Qo‘shyog‘och hududida joylashgan 207,5 gektar sun'iy suv havzasi va yer uchastkasidan 49 yilga foydalanish huquqini belgilangan tartibda Seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasi ustav fondiga berish hisobiga shakllantirish;
“Akvafishprom” mas'uliyati cheklangan jamiyatining Seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasi ustav fondidagi ulushi pul mablag‘lari, naslli ona baliqlar va asbob-uskunalar hisobiga shakllantirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.
Belgilab qo‘yilishicha, Seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasi:
o‘z faoliyatini o‘zini-o‘zi moliyalashtirish hisobiga amalga oshiradi, ishlab chiqarish, iqtisodiy va moliyaviy faoliyatlari bo‘yicha masalalarni mustaqil ravishda hal etadi;
ustav fondidagi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining ulushi korxonaga tasarruf etish huquqisiz egalik qilish va foydalanish uchun beriladi va Seleksiya-naslchilik qo‘shma korxonasi tomonidan ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga yo‘naltiriladi.