O‘zbekiston-Belarus biznes-mintaqaviy forumida hamda kooperatsion birjada o‘zbek va belarus ishbilarmon doiralarining 500ga yaqin vakillari, shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va idoralari vakillari ishtirok etdi. Tadbir 2018 yil 12 sentabr kuni Toshkent shahrida, Belarus Respublikasi prezidenti A.Lukashenkoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Tashkilotchilar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari bo‘ldi.
Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, forumni savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasining hamraisi – O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Nodir Otajonov va Belarus Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Mixail Rusiy ochib berdi.
Tomonlar ikki yil davomida ketma-ket o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sish tendensiyasiga alohida urg‘u berdilar. Hozirda aynan ushbu ijobiy tendensiya yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga, investitsiyalar hamda tovar oqimlarini rag‘batlantirishga imkon bermoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga misol sifatida Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozlik zavodi negizida tashkil etilgan yo‘l qurilishi va maxsus texnika ishlab chiqarish bo‘yicha «Amkodor-Agrotexmash» qo‘shma korxonasini aytib o‘tish mumkin.
– Forum doirasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yengil, elektr, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish materiallarini birgalikda ishlab chiqarishdir, – ta'kidladi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.
Forumda umumiy qiymati 193,3 million dollar bo‘lgan 82ta eksport-import shartnomalari imzolandi va umumiy qiymati 38 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Kelgusi yillarda taxminan 20ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahrining markazida Oloy bozori hududida Belarus mahsulotlari do‘koni o‘z faoliyatini boshladi va Minskda xuddi shunday o‘zbek mahsulotlari do‘konini ochish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Biznes-forum davomida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki mamlakat o‘rtasida mintaqalararo aloqalarni o‘rnatish muhimligi ta'kidlandi. Tomonlar Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilev va Gomel viloyatlarida va Minsk sharida O‘zbekiston hududlari vakillarining tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar natijalarining yuqori samaradorligini qayd etdilar.
- O‘zbekiston va Belarus ishbilarmonlari o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish maqsadida Toshkent va Minsk savdo-sanoat palatalari, shuningdek, Toshkent va Gomel viloyatlaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov.
Tomonlar standartlashtirish idoralari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, jahon standartlarini qo‘llash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, xalqaro sertifikatlashtirish idoralarida laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish va kadrlarni tayyorlashning samarali tizimini yaratishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.