O‘zbekiston va Belarus o‘zaro tovar almashish hajmini 2017 yildagiga nisbatan qariyb uch baravarga oshirib, yiliga 500 mln dollargacha yetkazishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Joriy yilda ikki tomonlama savdo hajmini yiliga 500 mln dollargacha yetkazish uchun barcha zaxiralarga ega. O‘zbekiston eksport hajmini, xususan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘lgan mahsulotlar eksportini sezilarli darajada oshira oladi», – dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov.
U O‘zbekiston-Belarus biznes-forumida chiqishi chog‘ida Belarus prezidentining keyingi 23 yil ichidagi ilk tashrifining muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.
«Savdo hamkorligini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi. Bu ikki davlat rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvida asosiy masala bo‘ladi. Belarus O‘zbekistonning MDH makonidagi an'anaviy savdo sherigi hisoblanadi», – deb qo‘shib qo‘ydi Otajonov.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, 2017 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 60%dan ko‘proqqa oshdi va qariyb 182 mln dollarni tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida tovar almashish hajmi 253 mln dollarga yetdi va 2017 yilning butun davridagi ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oshdi.
12 sentabr kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Toshkentga rasmiy tashrifini boshladi.
Belarus prezidentining rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar 13 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. U ertaga Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Muzokaralar tor shaklda va delegatsiyalar a'zolari ishtirokidagi kengaytirilgan shaklda bo‘lib o‘tadi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va O‘zbekistonda talabgir bo‘lgan texnika ishlab chiqarish bo‘yicha yig‘ish korxonalarini tashkil etish masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.