Rossiyada dollar kursi oshishi bo‘yicha ikki yillik rekord yangilandi

Iqtisodiyot 00:47 / 07.09.2018 27267

Moskva birjasida 6 sentabr kuni o‘tkazilgan savdolarda yevro kursi to‘rt oydan buyon ilk marta 80 rubldan oshdi va 80,1 rublga yetdi.
Yevro so‘nggi marta 2018 yil aprelida 80 rubldan oshgandi. Bunga qadar bunday ko‘rsatkich 2016 yil martda qayd etilgan.  

Savdolar davomida dollar kursi ham ko‘tarildi. Moskva vaqti bilan soat 19.00da AQSh valyutasining qiymati 69,45 rublga yetdi. Shu tarzda 2016 yil martidan buyon davom etib kelayotgan rekord yangilandi.

Hisob palatasining rahbari Aleksey Kudrinning so‘zlariga ko‘ra, rubl kursining o‘zgaruvchanligi va bozordagi yuqori darajadagi noaniqlik davom etadi.  
«Yuqori darajadagi noaniqlik yangi sanksiyalar paketi kutilayotganligi bilan bog‘liq. Ikkinchidan, «Skripallar ishi»dagi yangi tafsilotlarga. Sanktsiyalarning ikkinchi bosqichi og‘riqli bo‘lishi kutilmoqda», - dedi Kudrin.

Metallinvestbankning valyuta va pul bozoridagi operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Sergey Romanchukning fikricha, Skripallarning zaharlanishi bilan bog‘liq ishda yangi ma'lumotlar e'lon qilinganidan keyin bozorning yirik ishtirokchilaridan biri Rossiya aktivlaridan butunlay chiqib ketishga qaror qilgan. Bunga sabab esa, keskin tusdagi sanksiyalar joriy etilishi ehtimoli oshib bormoqda, deb hisoblaydi u.

Qator tahlilchilar Rossiya valyutasi qiymati pasayishda davom etishini taxmin qilmoqda. BKS bosh iqtisodchisi Vladimir Tixomirov Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi salbiy oqibatlarga olib kelgan taqdirda dollar kursi yil oxiriga kelib 76 rublga yetishini taxmin qilgan. Avvalroq Danske Bank hisobotida Rossiyada dollar qiymati 75 rublga yetishi mumkinligi bildirilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: