Poytaxtdan uy olish shunchalik qiyinmi yoxud propiska tartibi qachon soddalashtiriladi?

O‘zbekiston 00:10 / 02.09.2018 29588

Kun.uz saytida Toshkent shahri va viloyatidagi propiskaga doir e'lon qilingan turkum maqolalar meni ham ushbu mavzuda qalam tebratishga majbur qildi. Yaqinda meningfikrim.uz jamoaviy murojaatlar portaliga Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulk sotib olishdagi cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida murojaat bilan chiqdim. Murojaatim 3 avgust kuni yetarli ovoz to‘plab, ekspertiza jarayoniga o‘tkazildi.

27 avgust kuni portaldan mening murojaatimga rad javobi keldi. Javobning mazmunida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturining 56-bandida “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta'minlash maqsadida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish vazifasi belgilangan bo‘lib tegishli qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqilayotganligi bayon qilingan. Qiziq holat, ushbu portalda e'lon qilingan murojaatlarning ayrimlari ham Davlat dasturida belgilangan edi, nega ular e'lon qilindi. Shuningdek, portal Nizomida Davlat dasturida e'lon qilingan chora-tadbirlar ko‘rib chiqilmaydi deb belgilanmagan-ku.

Bu ham mayli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish  choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish belgilangan. Mazkur chora-tadbirlar 2018 yilning 20 martiga qadar ishlab chiqilishi belgilangandi, biroq yilning aprel, may, iyun, iyul, avgust oylari ham o‘tib ketib bo‘ldi. Chora-tadbirlar natijasidan hali ham darak yo‘q. To‘g‘rida, amaldorlarimiz, deputatlarimiz  har olti oyda notariusga, tuman IIBga, soliq organlariga erta tongdan yugurib bormaydi, soatlab issiq va sovuqda navbatda turmaydi, meni ishdan bo‘shatib yubormasmikan deb xavotir olmaydi, uyimni sotib yubormasin deb qarindoshi, tanishiga insof tilab duo qilmaydi, axir qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor.

Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulk sotib olishdagi cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risidagi Davlat dasturidagi chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi, meningfikrim.uz jamoaviy murojaatlar portali Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulk sotib olishdagi cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida murojaatim portal tomonidan rad qilinishi menda qandaydir hayratni vujudga keltirmoqda. Axir dunyoning yirik sanoat, moliya, madaniyat markazlari bo‘lmish London, Parij, Berlin, Rim, Nyu Yorkda yoxud aholisi 30 millionga yetgan Tokio, Mexiko shaharlarida ham ko‘chmas mulk sotib olishda yoki bu shaharlarda mehnat qilishga oid hech qanday cheklovlar yo‘q. Ko‘chmas mulk sotib olish yoki mehnat qilish bo‘yicha cheklovlar bo‘lmasa ham bu shaharlarning iqtisodiyoti gullab yashnamoqdaku, aslini olganda bozor munosabatlariga asoslangan demokratik mamlakatda shaxsni mulkdor bo‘lishini talablar bilan cheklashni hech qanday sabab bilan oqlab  bo‘lmaydi.

O‘tgan yil yurtimizda konvertatsiya ochilishi borasida bir qancha fikrlar bildirilgan edi, ayrimlar tomonidan konvertatsiyaning ochilishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi to‘g‘risida bashoratlar qilingan edi.  Ammo mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishda davom etmoqda. 

Har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi mulkdor bo‘lishiga, mamlakatimizning bir joyidan boshqa joyiga hech qanday shartlarsiz ko‘chish huquqiga ega ekanligini unutmasak bo‘ldi.

                                                                                                                                                                                                                                             O.Pirmatov                                                                           

                                                                                                                                                                                                                                            
    

Ko‘proq yangiliklar: