Shavkat Mirziyoyev bir guruh fuqarolarga davlat mukofotlarini topshirdi

O‘zbekiston 16:05 / 31.08.2018 34327

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, mustaqillikning 27 yilligi arafasida mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, o‘z sohalarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 31 avgust kuni ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi.

- Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davriga, yangi bosqichiga qadam qo‘ydik. Kelajagimizni xalqimiz tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida o‘z qo‘limiz, o‘z kuchimiz bilan barpo etmoqdamiz.  Odamlarni rozi qilishni bugungi siyosatimizning bosh maqsadi, deb bilamiz. “O‘sish”, “rivojlanish” deganda faqat raqamlarga, miqdor ko‘rsatkichlariga emas, avvalo ular aholining kundalik hayotida, uyi va dasturxonida qanday namoyon bo‘layotganiga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz, - dedi prezident.

Joriy yilning o‘tgan davrida turli sanalar munosabati bilan 320 nafar fuqarolar davlat tomonidan faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Bayram arafasida ularning safiga yana 321 kishi qo‘shildi. 

Prezident bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

- Men sizlarning ko‘pchiligingizni yaqindan taniyman. Har biringizni o‘z mehnati, jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan barchaga o‘rnak bo‘layotgan hurmatli insonlar sifatida qadrlayman.  Barchangizga tilagim bitta: sizlar mana shunday yutuq va zafarlarni qo‘lga kiritishdan hech qachon charchamang. Biz esa sizlarga davlatimizning mana shunday yuksak mukofotlarini topshirishdan charchamaylik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: