Tokioda yo‘lovchilarni haydovchisiz taksida tashish bo‘yicha ilk sinovlar boshlandi 

Fan-texnika 10:42 / 27.08.2018 4827

Yaponiyaning Hinomaru Kotsu taksi kompaniyasi ZMP firmasi bilan birgalikda 27 avgustda yo‘lovchilarni haydovchisiz avtomobillarda tashish bo‘yicha ilk sinovlarni boshladi. 

Mashinalar Tokioning Otemati va Roppongi tumanlari orasida 5,3 kmlik qat'iy belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanmoqdalar. Tajriba 8 sentabrgacha davom etadi. Toyota miniveni negizida qurilgan haydovchisiz taksi kuniga u boshdan bu boshga 4 tadan reys amalga oshiradi.

Yo‘l bo‘ylab harakat avtomatik tartibda amalga oshiriladi, biroq rul oldida favqulodda holatda vaziyatga aralashib, boshqaruvni o‘ziga oladigan haydovchi bo‘ladi. Sinovlarda yo‘lovchi sifatida ishtirok etishni istaganlar iyulda tegishli saralashdan o‘tishgan. Yo‘l haqi 1500 iyenni (14 dollarni) tashkil qiladi.

Hinomaru Kotsu’da ta'kidlanishicha, tajriba birinchi navbatda haydovchilar yetishmasligi muammosini hal qilishga qaratilgan. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, haydovchisiz taksilar Tokioda 2020 yilgi yozgi Olimpiada oldidan harakatlana boshlaydi.

Yaponiya hukumati 2017 yilda haydovchisiz boshqarish texnologiyasini rivojlantirish va ekologik toza mashinalarning yangi avlodini yaratish uchun 2,85 trln iyen (25 mlrd dolar) ajratgan. Hukumat 2030 yilgacha Yaponiya yo‘llarida har beshinchi mashina qisman bo‘lsa ham haydovchi ishtirokisiz yurishiga umid qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: