24 avgust Montereydagi (AQSh, Kaliforniya) The Quail: A Motorsports Gathering avtosalonida Bugatti o‘zining eng yangi superkari – Divo’ni taqdim qildi. Divo modeli Bugatti Chiron kupesi negizida qurilgan bo‘lib, biroq uning kuzov panellari mutlaq o‘zgachadir. Avtomobil aerodinamikasi batafsil ishlab chiqilgan, shassi va podveskasi o‘zgartirilgan. Yangi diffuzor va aksqanot o‘rnatilgan bo‘lib, mashinani bosish kuchini 90 kg ga, ya'ni 456 kggacha oshirgan.
Shuningdek, Divo modeli Chiron’dan 35 kg yengilroq bo‘lib, uning konstruksiyasida ko‘proq karbon, salonida yengil alkantara qo‘llangan.
Mashina dvigateli quvvati o‘zgarishsiz qoldirilgan, ya'ni 1500 ot kuchini tashkil qiladi. Ammo maksimal tezligi 380 km/soat bilan chegaralangan.
E'tiborlisi, narxi 5 mln yevroni tashkil qiluvchi ushbu avtomobildan 40 dona ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning barchasi bir zumda sotib yuborilgan.