Toyota bir avariya uchun 242 mln. dollar to‘lashga majbur bo‘ldi

Fan-texnika 21:20 / 20.08.2018 8851

AQShning Texas shtatidagi maslahatchilar sudi Toyota kompaniyasiga Lexus ES300 sedanida avtohalokatga uchragan oilaga tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi.

Yo‘l-transport hodisasi 2016 yilda ro‘y bergan: 2002 yili ishlab chiqarilgan avtomashinaga boshqa avtomobil kelib urilgan. Natijada, «Leksus» yo‘lovchilari, jumladan, ikki nafar go‘dak jiddiy jarohatlarga duchor bo‘lishgan.

Oilaning advokatlari jarohatlarga old o‘rindiqlar suyanchig‘ining noto‘g‘ri loyihalashtirilgani sabab bo‘lganini ta'kidlashgan. Da'vogarlarning fikricha, Toyota kompaniyasi mazkur nuqsondan xabardor bo‘lgan, biroq uni to‘g‘rilash uchun biror harakat qilishmagan.

Sud maslahatchilari jabrlanganlar tarafga o‘tib olishdi: sud qaroriga ko‘ra Toyota oilaning davolanishga sarflagan xarajatlarini qoplash bilan bir qatorda, ma'naviy zarar uchun 100 million dollar to‘laydi. Biroq kompaniyaning jami ziyoni jarimalar tufayli ko‘proq bo‘ladi: umumiy hisobda Toyota 242 million dollar to‘lashga hukm qilindi.

Toyota kompaniyasi vakillari sud maslahatchilari qarorini hurmat qilishlarini bildirar ekan, jarohatlar uchun nafaqat avtomobil konstruksiyasidagi nuqsonlar, boshqa bir necha omillar o‘z ta'sirini o‘tkazganini aytib o‘tishgan.

Ko‘proq yangiliklar: