Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 17 avgustda “petro” kriptovalyutasi qiymati va mamlakatda 20 avgustdan kiritiladigan yangi eng kam ish haqi miqdorini e'lon qildi. Mamlakat 20 avgustdan yangi, denominatsiya qilingan valyuta – suveren bolivarda muomala qilishga o‘tadi.
Maduroning aytishicha, bir “petro” 60 dollar yoki 3,6 ming yangi bolivarga (360 mln denominatsiya qilinmagan bolivar) teng bo‘ladi. Shu bilan birga “qora bozor”dagi dollar kursi hozirda 5,9 mln eski bolivarni tashkil qilmoqda. Amaldagi bolivardan 5 ta nol olib tashlanadi.
Mamlakatdagi eng kam ish haqi yarim “petro”, ya'ni 1,8 ming yangi bolivar yoki 180 mln eski bolivarni tashkil qiladi. Bu esa eng kam ish haqining keskin – 60 marta oshirilishini anglatadi. Hozirda bu qiymat 3 mln bolivarni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, mamlakatda qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foizdan 16 foizgacha ko‘tariladi.
Avvalroq Maduro 20 avgustdan Venesuelada 2 ta valyuta – bolivar va “petro” amal qilishini aytgan. Shu bilan birga eski bolivarlar ham to‘liq muomaladan yo‘qolguncha amal qiladi. Yangi suveren bolivar “petro”ga bog‘lab qo‘yiladi.
Venesuela joriy yilning 20 fevralida neft bilan ta'minlangan “petro” kriptovalyutasini muomalaga kiritib, neft zaxiralari bilan qo‘llab-quvvatlanuvchi o‘z kriptovalyutasiga ega ilk davlatga aylangandi.