Hukumat qarori: Investitsiyalarni jalb qilgan rahbarlar moddiy rag‘batlantiriladi

Iqtisodiyot 19:09 / 18.08.2018 6607

Vazirlar Mahkamasining “Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun rahbarlarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha har yili tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Investitsiyalarni jalb qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini tashkil etish borasidagi faoliyat uchun davlat organlari hamda tashkilotlari rahbarlarining ish samaradorligini baholash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda tanlov g‘oliblari reytingi har yili 1 maygacha ommaviy axborot vositalarida chop etilishini va ularga tegishli sertifikatlar hamda pul mukofotlari topshirilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha:

a) tanlov quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi:

“Investitsiyalarni jalb qilganlik, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni rivojlantirganlik uchun”;
“Yangi ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini tashkil etganlik uchun”;
“Investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirganlik, shuningdek, investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlaganlik uchun”;

b) tanlov g‘oliblariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjyeti, viloyatlar viloyat byudjyetlari va Toshkent shahri shahar byudjyetining zaxira fondi mablag‘lari yoki mahalliy byudjyetning qo‘shimcha manbalari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan har bir nominatsiyada eng kam ish haqining 100 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2018 yilning 1 avgustigacha bo‘lgan muddatda har bir nominatsiyada tanlov g‘oliblari sertifikatlarining eskizlarini belgilangan tartibda tayyorlaydi va tasdiqlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: