“Soliq organlaridagi xizmati uchun” ko‘krak nishoni ta'sis etiladi

O‘zbekiston 10:57 / 16.08.2018 9866

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Soliq organlaridagi xizmati uchun” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan “Soliq organlaridagi xizmati uchun” ko‘krak nishoni ta'sis etilishi belgilab qo‘yilgan.

“Soliq organlaridagi xizmati uchun” ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda - ko‘krak nishoni) bilan Davlat soliq xizmati organlarida ko‘p yillar davomida halol va samarali xizmat qilgan, davlat byudjyeti daromadlarini oshirishga o‘z hissasini qo‘shgan, xizmat vazifalarini bajarishda yuksak natijalarga erishgan xodimlar taqdirlanadilar.

I darajali ko‘krak nishoni bilan kamida 15 yillik mehnat stajiga ega shaxslar;

II darajali ko‘krak nishoni bilan kamida 10 yillik mehnat stajiga ega shaxslar;

III darajali ko‘krak nishoni bilan kamida 5 yillik mehnat stajiga ega shaxslar taqdirlanadilar.

I darajali ko‘krak nishoni yuqori darajali hisoblanadi. II yoki III darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar keyinchalik uning yuqori darajalari bilan bosqichma-bosqich mukofotlanishi mumkin.

Bir darajadagi ko‘krak nishoni takroran berilmaydi.

Munosib nomzodlar Davlat soliq qo‘mitasi komissiyasining xulosasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri I yoki II darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishlari mumkin.

Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi ta'lim muassasalari hamda davlat unitar korxonalarining xodimlarini taqdirlash yuzasidan takliflari har yili 1 iyungacha Davlat soliq qo‘mitasining komissiyasiga taqdim etiladi.

Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i bilan ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy komissiya tashkil etiladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaror Davlat soliq qo‘mitasining axborot vositalarida e'lon qilinadi.

I darajali ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar lavozim maoshining to‘rt baravari miqdorida, II darajali ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar uch baravari miqdorida, III darajali ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar ikki baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Xizmat burchini o‘tash davrida halok bo‘lgan yoki vafot etgan xodimlar ham vafotidan so‘ng ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishlari mumkin. Bunda ko‘krak nishoni va pul mukofoti uning oilasiga topshiriladi.

Ko‘krak nishoni, uning guvohnomasi va pul mukofoti “Soliqchilar kuni” bayrami arafasida Davlat soliq qo‘mitasi raisi (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas'ul shaxslar) tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan xodim tegishli tartibda quyidagi imtiyozlardan foydalanishi mumkin:

Davlat soliq qo‘mitasi yoki hududiy davlat soliq boshqarmasi tomonidan beriladigan navbatdagi darajali unvonni muddatidan oldin olish;

Sanatoriylarda davolanish va dam olish uchun yo‘llanmalarni olishda ko‘krak nishoni quyi darajasidan yuqori darajasiga muvofiq yo‘llanma qiymatiga nisbatan tegishlicha 20 foiz, 30 foiz va 40 foiz miqdorida imtiyoz olish.

Sanatoriylarda davolanish va dam olish uchun yo‘llanmalar bo‘yicha xarajatlar Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: