Qoraqalpog‘istondagi «samosud»ga aloqadorlarning barchasi ushlandi

O‘zbekiston 09:00 / 05.08.2018 53185

2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanidagi «Shobboz» dehqon bozorida o‘g‘rilikda gumonlangan shaxsning arqon bilan qo‘llaridan bozor kirish darvozasi ustuniga osib qo‘yilgan holati videosi tarqatilgandi.

O‘zbekiston IIV 2 avgust kuni 1 avgust kuni ro‘y bergan ushbu hodisa bo‘yicha rasmiy axborot berib, D.N.ning qo‘lidan osib qo‘ygan U.A.ga nisbatan JChning 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan berilgan qo‘shimcha ma'lumotga ko‘ra, tergov jarayonida fuqaro D.N.ni qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, bozorning kirish darvozasi ustuniga osib qo‘ygan fuqaro U.A. bilan X.S., X.G‘. va M.Sh. ham bo‘lgani aniqlanib ushlandi.

Surishtiruv jarayonida U.A., X.S. va M.Sh. o‘z jinoiy harakatlarini sodir etishga voyaga yetmagan shaxsni ham jalb qilishgani ma'lum bo‘ldi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 277-moddasi (Bezorilik) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ushbu moddalar bo‘yicha ayblanayotgan shaxslar uchun jarimadan tortib bir necha yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: