Hisob palatasi​ ham O‘zbekiston Respublikasida valyutani nazorat qiluvchi organ sifatida belgilandi​

Iqtisodiyot 13:06 / 31.07.2018 7496

Hisob palatasi vakolatli vazirlik va idoralar qatorida,O‘zbekiston Respublikasida valyutani nazorat qiluvchi organ sifatida belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 23 iyuldagi «Ba'zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan, quyidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

«Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi va «Notariat to‘g‘risida»gi qonun bilan Hisob palatasiga, qonun hujjatlariga muvofiq, birja bitimi to‘g‘risidagi axborot va amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni olish huquqi berildi;

«Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga asosan, Hisob palatasi vakolatli vazirlik va idoralar qatorida,O‘zbekiston Respublikasida valyutani nazorat qiluvchi organ sifatida belgilandi;

«Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida»gi qonunga asosan, Hisob palatasining davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilish sohasidagi vakolatlari belgilab berildi. Jumladan, davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilish hajmlarini va maqsadga muvofiqligini baholash, xorijdan jalb qilingan mablag‘lardan samarali va oqilona foydalanilishi, davlat tashqi qarzlariga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish; davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilishi hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va asoslanganligini baholash va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar;

«O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi»ning 215(2)-moddasiga o‘zgartirish kiritildi hamda mazkur kodeks 245(6)-moddasi bilan to‘ldirildi. Ularga asosan, Hisob palatasining ko‘rsatmalari va taqdimnomalarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlikda, bajarmaganlikda, ma'lumotlar bazasiga kirishga ruxsat bermaganlikda, axborot taqdim etmaganlikda, bila turib noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etganlik Hisob palatasining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, aralashganlik, uning mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarini qonuniy ravishda bajarishiga to‘sqinlik qilish maqsadida ta'sir ko‘rsatganligi uchun mansabdor shaxslarning ma'muriy javobgarligi belgilandi.

Huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, Hisob palatasining mansabdor shaxslariga ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish va bayonnomani ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish huquqi berildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Byudjyet kodeksi»ning 174-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazoratiga aniqlik kiritildi.

Jumladan,

Davlat byudjyeti loyihasi parametrlari shakllantirilishini va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklariga ularning muvofiqligini tizimli tahlil qilishni, qabul qilinayotgan davlat dasturlari va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta'minlanganligi auditini;

Tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning daromadlari va xarajatlari samaradorligini va qonuniyligini auditdan o‘tkazishni, xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha zaxiralarni aniqlashni;

Byudjyet tizimi byudjyetlari mablag‘lari va davlatdan qarz olish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligini va asosliligini baholashni;

O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyeti va Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyetlari o‘rtasidagi nisbat maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadga oid vakolatlari va xarajatlarga doir majburiyatlari chegaralanishining to‘g‘riligini baholashni, ularning moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi ta'minlashi yuzasidan takliflar ishlab chiqishni;

Pul-kredit va valyuta siyosatining, O‘zbekiston Respublikasi aktivlari va majburiyatlari holatining, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishning, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarning tashqi auditini amalga oshirish belgilandi. ​

Ko‘proq yangiliklar: