Tojikiston O‘zbekiston hisobiga elektr energiya eksportini 50 foizdan ko‘proqqa oshirdi 

Iqtisodiyot 07:42 / 28.07.2018 10828

Tojikistonning “Barki tochik” elektr energetik kompaniyasi joriy yilda eksport hajmini 55 foizga oshira oldi. Kompaniya eksportining bunday o‘sishiga apreldan O‘zbekistonga elektr energiya yetkazib berishni tiklagani sabab bo‘lgan.

Kompaniyada ma'lum qilinishicha, joriy yilning 1-yarmida 940 mln kVt-soat elektr energiya eksport qilingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 333 mln kVt-soat ko‘proqni tashkil qilgan.

O‘zbekiston har oy Tojikistondan 110 mln kVt-soat elektr energiya sotib olmoqda. Joriy yil oxirigacha Tojikiston O‘zbekistonga kamida 1,5 mlrd kVt-soat elektr energiya eksport qilishi kutilmoqda.

Ikki davlat energetik kompaniyalari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston yoz mavsumida tojik elektr energiyasining har bir kilovattini 2 sentdan, qishda esa 2,5 sentdan xarid qiladi.

Bungacha Tojikiston o‘z elektr energiyasini faqat Afg‘onistonga va nisbatan kichik hajmda Qirg‘izistonga eksport qilgan.

“Barki tochik” ishlab chiqargan elektr energiyaning 12 foizdan ko‘prog‘i eksportga ketgani hisobga olinsa, unda kompaniya joriy yilning 1-yarmida 7,7 mlrd kVt-soat elektr energiya ishlab chiqargani kelib chiqadi.

Tojikistonda ishlab chiqariluvchi elektr energiyaning 92 foizdan ko‘prog‘i gidroelektr stansiyalar, 8 foizga yaqini issiqlik elektr stansiyalar hisobiga to‘g‘ri keladi. Energetiklarning ta'kidlashicha, gidroelektr stansiyalar ishlab chiqaruvchi elektr energiya issiqlik elektr stansiyalarnikidan 5 barobar arzonroq tushadi. 

Ko‘proq yangiliklar: