Avstriyalik mutaxassis Shermatovga maslahatchi bo‘ldi

O‘zbekiston 22:50 / 21.07.2018 8816

Avstriya fuqarosi, AQShning nufuzli Yyel universiteti bitiruvchisi, Igor Mitchka xalq ta'limi tizimidagi islohotlarda ko‘maklashish maqsadida vazirlik jamoasiga qo‘shildi. Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, u Mitchka o‘zi ham Yyel universiteti bitiruvchisi hisoblanadigan Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning chaqirig‘iga javoban tizimda boshlangan islohotlarga beg‘araz yordam berish maqsadida O‘zbekistonga kelgan va vazir maslahatchisiga aylangan.

Igor Mitchka moliya sohasida xalqaro tajribaga ega bo‘lib, 2015−2017 yillarda dunyodagi yirik investitsion banklaridan biri hisoblangan Goldman Sachs bankida faoliyat yuritgan.

Mitchka Xalq ta'limi vazirligi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish ustida ish olib borayotgan maxsus ekspert-tahlil guruhida yangi Ta'limni rivojlantirish markazi konsepsiyasini yaratish bo‘yicha ishlamoqda. Ekspert maktab bitiruvchilari zamon talablariga tayyor bo‘lishlari uchun ta'limga yangicha yondashuvlarni joriy etishda xorijlik hamkorlarni jalb etish bilan faol shug‘ullanmoqda.

Xususan, muvaffaqiyatli karera qilish uchun  zarur bo‘ladigan quyidagi malakalarni o‘qitishni takomillashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda:

– dasturlash va AKT imkoniyatlaridan foydalanish;

– tadbirkorlik ko‘nikmalari va muzokaralar;

– muvaffaqiyatga erishish uchun o‘quvchilar ishtiyoqini oshirish.

«Mazkur maslahatchining jalb qilinishi ta'lim sohasiga eng yangi g‘oyalarni joriy qilish, shuningdek, xorijlik hamkorlar  bilan birgalikdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: