O‘zbekistonda Wi-Fi tarmog‘idan foydalanuvchining shaxsini tasdiqlash majburiy bo‘ldi

O‘zbekiston 18:00 / 18.07.2018 8945

Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «Ma'lumotlar uzatish tarmoqlari, jumladan yangi tahrirdagi Internet xizmatlarini ko‘rsatish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi»gi buyrug‘ini ro‘yxatga oldi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda Wi-Fi tarmoqlari xavfsizligini ta'minlash va sayyohlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida jamoat joylarida Internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanishni tashkil etgan operatorlar, provayderlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar oldiga foydalanuvchilarning shaxsini majburiy tartibda aniqlash tizimini ta'minlash vazifasi qo‘yilgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda respublikadagi shaharlarning katta qismi Wi-Fi tarmoqlari bilan qamrab olingan. Aksariyat jamoat joylarida, savdo markazlari hamda binolarda Internetga Wi-Fi orqali ulanish joriy qilingan. 

Biroq ochiq Internet tarmoqlaridan qonunga xilof maqsadlarda (tovlamachilik, korrupsiya) foydalanish, terrorchilik harakatlarida qo‘llash ko‘lamining oshib borayotgani hamda boshqa omillar jamoat joylarida Wi-Fi orqali Internet xizmatlari ko‘rsatishni tartibga solishni taqozo qilmoqda. 

Ma'lumotlar uzatish tarmoqlari, jumladan yangi tahrirdagi Internet xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tartibida ochiq Internet tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha talablar alohida bo‘limda keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra, axborot xavfsizligini ta'minlash maqsadida har bir foydalanuvchi ochiq Internet tarmog‘idan foydalanayotganda shaxsini tasdiqlashi zarur.

Yangi kiritilgan tartib-qoida quyidagicha: 
• foydalanuvchi o‘z shaxsini mobil telefon raqamlari orqali yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi ma'lumotlar (chipta, mehmonxonadan ro‘yxatdan o‘tish ma'lumotlari) orqali tasdiqlashi mumkin. Foydalanuvchi mobil telefoni orqali shaxsini tasdiqlamoqchi bo‘lsa, cheklangan muddatda faoliyat ko‘rsatuvchi (10 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan) hamda foydalanuvchining telefon raqamiga SMS-xabar tarzida yuborilgan bir martalik kirish paroli (OTP – One Time Password) dan foydalaniladi;
• Wi-Fi xizmati tashkilotchisi foydalanuvchining telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatilayotgan shaxsiy ma'lumotlari hamda xabarlarining maxfiyligini ta'minlashi shart. Mazkur holat bo‘yicha cheklovlar qonunchilikda ko‘zda tutilgan holatlarda amal qilishi mumkin;
• Wi-Fi xizmatlarining sifatli ko‘rsatilishi ustidan nazorat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi zimmasiga yuklatiladi. 

Xabar qilinishicha, qator mamlakatlarda Wi-Fi tarmog‘iga imtiyozli ulanish jamiyatning «shaxsi tasdiqlangan» hamda Wi-Fi tarmog‘i rivojiga hissa qo‘shuvchi a'zolariga, masalan, o‘z uyining tom qismiga Wi-Fi qurilmalari o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlagan shaxslarga beriladi. 

Estoniya, Finlyandiya kabi mamlakatlardagi munitsipalitet, universitet, tijorat tashkilotlarida hamda Parij, Quddus kabi shaharlarda ana shunday tizimdan foydalaniladi.
Shuningdek, jamoat joylarida Wi-Fi tarmog‘idan o‘z shaxsini tasdiqlash orqali foydalanish talabi boshqa davlatlar, masalan, Italiya, Janubiy Koreya va bir qator davlatlarda joriy qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: