Afg‘onistondagi namoyishchilar «Hayraton» chegara portini yopib qo‘ydi

Jahon 18:50 / 18.07.2018 25735

Afg‘onistonning Faryob provinsiyasidagi namoyishchilar 18 iyul kuni Maymana shahrida joylashgan hukumatga qarashli bir nechta binolar ustidan nazoratni qo‘lga kiritganini e'lon qildi. Namoyishchilarning ta'kidlashicha, ular tomonidan talab etilayotgan shartlar bajarilmaguncha, hukumatga qarshi harakatlar davom etaveradi. Bu haqda Tolonews​ xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, namoyishchilar shahardagi adliya, sud, qishloq xo‘jaligi, prokuratura boshqarmalari binolarini egallab olgan. Ammo, hukumat rasmiylar ushbu vaziyatga izoh bermayapti, shuningdek xabarlarni tasdiqlamayapti.

Junbish yoshlar kengashi a'zosi Gul Muhammad Arkinning aytishicha, namoyishchilar O‘zbekistonning Buxoro viloyatidan Balxdagi Hayraton portiga yetib borishi uchun foydalaniladigan logistikani yopib qo‘yishgan.

Ushbu namoyishlar ikki hafta avval Faryob provinsiyasi, Qaysar tumani Ichki ishlar boshlig‘i Nizomiddin Qaysarining qo‘lga olinishi bilan boshlandi. Namoyishchilar mamlakat birinchi vitse-prezidenti, general Abdurashid Do‘stumga aloqador, deb topilgan politsiyachini ozod qilinishini talab qilmoqda.

Shu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Amerika Qo‘shma Shtatlari favqulodda va muxtor elchisi Pamela Leora Spratlen bilan uchrashdi. Shuningdek, Irgashev Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Gunter Overfeld bilan uchrashdi. Rasmiy axborotga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash ishiga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining amaliy masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: