«O‘zdonmahsulot» rahbari va uning kuyovi poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olingan

O‘zbekiston 21:40 / 13.07.2018 80999

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining «Feysbuk»dagi sahifasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ikki yirik korruptsion sxemaga chek qo‘ygani haqidagi lavha e'lon qilindi.

Lavhada 2018 yilning 6 oyi mobaynida mansabdor shaxslarga nisbatan 867ta jinoiy ish ochilgani, ularning 56tasi pora olish jinoyati ekanligi qayd etilgan.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlaridan birining figuranti - iqtisodiyotimizning juda muhim sektorini boshqargan Surat Haydarovdir.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi rahbari Sur'at Haydarov pora evaziga o‘ziga biriktirilgan kompaniyadagi talon-torojliklarga ko‘z yumgan.

Haydarov kompaniya tizimiga ko‘plab qarindoshlarini ishga olib kirgan va poraxo‘rlik tizimini yaratgan.

Masalan, Haydarov viloyatlardan biriga xizmat safari davomida don mahsulotlari noto‘g‘ri saqlanayotganiga guvoh bo‘lgan. U vaziyatni to‘g‘rilash o‘rniga, taklif etilgan pulni olishni ma'qul ko‘rgan. Bunday jinoyatlarda unga kuyovi Jamshid Sharipov faol yordam berib kelgan

Ayni vaqtda huquq-tartibot organlari xodimlari u olgan poralar miqdorini aniqlashtirishmoqda, Haydarov va Jamshid Sharipov ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.

Sur'at Haydarov 1969 yili Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti — oliy, 1994 yili Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Faoliyati davomida Moliya vazirligining Samarqand viloyatidagi nazorat-taftish boshqarmasi boshlig‘i, Respublika Hisob palatasining inspektori, yetakchi inspektori, «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisining iqtisod va moliya bo‘yicha o‘rinbosari kabi vazifalarda ishlagan. U 2017 yilning 21 fevralida «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi etib tayinlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: