Turkiya sudi davlat to‘ntarishiga aloqador 72 sudlanuvchini umrbod ozodlikdan mahrum etdi

Jahon 20:49 / 12.07.2018 4547

Turkiya sudi bugun 2016 yilgi davlat to‘ntarishidagi ishtiroki uchun sudlanayotgan shaxslarning bir guruhi ustidan hukm e'lon qildi. Bu haqda Anado‘lu agentligi xabar bermoqda.

Sud konstitutsion tuzumni ag‘darishga uringanlikda ayblangan 72 nafar sudlanuvchiga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Hukm etilganlar orasida mayor va polkovnik unvoniga ega harbiy xizmatchilar ham bor. Ular Istanbuldagi Bosfor osma ko‘prigida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 34 kishining o‘limiga sabab bo‘lishgan.

Shuningdek, 27 nafar shaxs u yoki bu ko‘rinishda isyonchilarga yordam berganligi uchun 15 yil va undan uzoqroq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Yana 44 nafar sudlanuvchiga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.

Ushbu jinoiy ish doirasida yana 71 kishi sud hukmini kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada davlat to‘ntarishi uyushtirishga bosh mas'ul sifatida ko‘riluvchi muxolifatchi Fathulloh Gulenga aloqasi bor deb hisoblangan 160 ming nafar harbiylar, ilm-fan vakillari va davlat xizmatlari hibsga olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: