Ruminiya hududida NATO qo‘mondonlik markazi joylashtiriladi

Jahon 22:29 / 12.07.2018 3800

Ruminiya NATO sammitida o‘z hududida alyansning qo‘mondonlik operatsion markazi joylashtirilishi va mamlakatdagi ko‘pmillatli brigadaning doimiy maqom olishiga erishdi, deb ma'lum qildi Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis matbuot anjumanida.

"NATOning sharqiy qanotda joylashuvini mustahkamlash bo‘yicha ikkita muhim narsaga erishdik. Birinchisi, qo‘mondonlik operatsion markazi. O‘ylaymizki, markaz tashkil etilgach, bu yerda NATOning barcha mamlakatlaridan 400ga yaqin shtab ofitseri biz bilan birga bo‘ladi", - dedi u.

"Biz, shuningdek, o‘zimiz tashkil etgan ko‘pmillatli brigadaning maqomi yaxshilanishiga, doimiy maqom olishiga erishdik. Biz ittifoqchilarimiz yanada jiddiyroq o‘rnashishlari uchun muzokaralarni davom ettiramiz", - dedi u.

Yoxannisning aytishicha, Ruminiyaning tashabbusi bilan Qora dengizga bag‘ishlangan, Ukraina va Gruziya ishtirok etgan maxsus sessiyaning o‘tkazilishi uchinchi muhim natija bo‘ldi. Prezident, shuningdek, kelgusi yili Ruminiyaning harbiylar, jandarmlar va fuqarolardan iborat Afg‘onistondagi kontingenti 770 kishidan 950 kishigacha yetkazilishini ma'lum qildi.

Yoxannis NATOning tarqalish xavfi va alyans ichida nizolar yo‘qligini bildirdi.

"Aytishim mumkinki, bunday xavf yo‘q. Munozara mavjud va bu masalalar prezident Tramp tomonidan olib chiqildi. U shunchaki hamma narsani o‘z nomi bilan atadi, bu esa do‘stlar va ittifoqchilar orasida me'yoriy holat hisoblanadi. Muammolar muhokama qilindi, biz hammamiz NATO yagona, o‘ziga xos, Yer yuzidagi eng kuchli harbiy ittifoq, degan tushunchada tarqaldik, bundan buyon ham birgalikda qadam tashlaymiz", - dedi Yoxannis hamda alyans mamlakatlari "NATOni yanada kuchli qilish uchun sal ko‘proq xarajat qilish majburiyatini olganini" qo‘shib qo‘ydi.

Ko‘proq yangiliklar: