O‘zbekiston ixtirochi ayollari Janubiy Koreyadagi xalqaro ko‘rgazmada yuksak o‘rinlarni zabt etishdi

O‘zbekiston 22:24 / 10.07.2018 4755

Koreya Ixtirochi ayollari Assotsiatsiyasi (KWIA), Koreya Intellektual Mulk Offici (KIPO) va Xalqaro Intellektual Mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan 28 iyundan 3 iyulga qadar Janubiy Koreyada XI Koreya Xalqaro Ixtirochi Ayollar Ko‘rgazmasi - KIWIE 2018  bo‘lib o‘tdi. 

Xalqaro ko‘rgazma ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini o‘rganish hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilib kelinmoqda. KIWIE 2018 ko‘rgazmasida 30 dan ziyod davlatlardan 518 nafar ixtirochi xotin-qiz texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovkat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashdi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, mamlakatimizning olima ayollari ham O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ilk marotaba ushbu xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish uchun yuborildi. 

Ko‘rgazmada ishtirok etgan ixtirochi ayollar erishgan natijalarini namoyish qilishdi. O‘zbekiston olima ayollarining ixtirolari xalqaro ekspertlar tomonidan o‘rganilib, yuqori baholandi.

Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro Ixtirochi Ayollar Ko‘rgazmasida O‘zbekiston olima ayollaridan professor Karima Norqulovaning “Bolg‘achali tegirmon” nomli foydali modeliga patenti oziq-ovqat sanoati yo‘nalishi bo‘yicha “Grand Prize”ni qo‘lga kiritdi. Shuningdek professor Karima Norqulovaning “Quritish qurilmasi” ixtirosiga patenti oltin hamda “Tugunaklarni quritish usuli” ixtirosiga patenti kumush medalni qo‘lga kiritdi. Doktor PhD Maloxat Ilhomovaning “Bolalar poyabzali uchun profilaktik ich patak” nomli foydali modeliga patenti hamda “Elektr o‘tkazuvchan poyabzal” ixtirosiga patenti kumush medallarni hamda “Qiz bolalar uchun tufli” sanoat namunasiga patenti  bronza medalni, professor Paraxat Matyoqubovaning “Sochiluvchan moddalarning issiqliknam o‘lchagichi” ixtirosiga patenti kumush medalni  qo‘lga kiritdi.

Ko‘rgazma doirasida Xalqaro forum, davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, Intellektual mulk sohasidagi lider ayollarning Akademiyasida seminar ham tashkil qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari ham bu seminarda ishtirok etishib, ixtirolarni amaliyotga joriy qilish va tijoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z malakalarini oshirib sertifikatlar olishdi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Innovatsiya va axborot-kommunikatsiya  texnologiyalarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, professor K.T.Norqulova mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar, ixtirochi xotin-qizlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro ko‘rgazma va forum ishtirokchilari oldida ma'ruza qildi.     

Respublikamizda mana shunday ixtirochi ayollar safini kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash  va ularning olib borayotgan tadqiqotlarining natijalarini xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi maqsadli ishlarni amalga oshirishda davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: