O‘zbekiston aholisi yarim yilda 243 mingdan ko‘proqqa oshdi

O‘zbekiston 11:30 / 10.07.2018 17272

O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2018 yil 1 iyul holatiga 32900,1 ming kishini tashkil etib, 2018 yilning yanvar-iyun oylarida 243,4 ming kishiga yoki 0,7 foizga o‘sgan. Jumladan, shahar aholisi soni 16646,1 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,6 foiz), qishloq aholisi soni 16254,0 ming kishini (49,4 foiz) tashkil etdi. O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi e'lon qilgan hisobot shundan darak bermoqda

Tahlillarga ko‘ra, respublika hududlari kesimida 2018 yil 1 iyul holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 3753,3 ming kishi istiqomat qilib, respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4 foizdir. Farg‘ona viloyatida 3644,9 ming kishi (11,1 foiz) yashaydi. Eng kam aholi esa, Navoiy va Sirdaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi, ularda tegishli ravishda 964,7 ming kishi (2,9 foiz) va 821,9 ming kishi (2,5 foiz) istiqomat qiladi. 

Hududlar kesimida aholining eng yuqori o‘sish sur'ati 2017 yilning shu davriga nisbatan Surxondaryo (2,1 foiz), Qashqadaryo va Samarqand (2,0 foizdan), Jizzax viloyatida (1,9 foiz) kuzatilgan. Namangan viloyatida bu boradagi o‘sish 1,8 foizni tashkil etgan. Eng kam o‘sish sur'ati Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1,4 foiz) va Toshkent viloyatida (1,2 foiz) kuzatilgan. 

Statistika qo‘mitasi hisobotiga muvofiq, 2018 yilning yanvar-iyun oylarida 324,3 ming bola tug‘ilgan. Ta'kidlanishicha, hisobotga faqat tirik tug‘ilganlar inobatga olingan. Shunday qilib, 2018 yil birinchi yarim yilligida 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 20,0 promilleni tashkil etib, 2017 yilning shu davriga nisbatan 0,5 promillega oshgan (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 19,5 promille bo‘lgan). Tug‘ilish koeffitsiyenti viloyatlar kesimida 2017 yilning mos davriga nisbatan Samarqand (21,0 promilledan 22,9 promillega), Qashqadaryo (21,4 promilledan 22,4 promillega) viloyatlarida sezilarli o‘sgan bo‘lib, Navoiy (19,8 promilledan 19,1 promillega) va Xorazm (16,7 promilledan 16,2 promillega) viloyatlarida bu borada pasayish kuzatildi. Jami tug‘ilganlarning 31,6 foizi onaning 1-farzandi, 36,6 foizi onaning 2-farzandi va 31,8 foizi onaning 3-va undan yuqori farzandlariga to‘g‘ri kelmoqda.

2018 yilning yanvar-iyun oylarida 324,3 ming nafar bolani dunyoga keltirgan onalarning 120,6 mingi (yoki 37,2 foizi) 20-24 yoshdagi, 115,8 mingi (35,7 foizi) 25-29 yoshdagi, 58,5 mingi nafari (18,0 foizi) 30-34 yoshdagi ayollardir. 

Statistika qo‘mitasi, shuningdek, o‘tgan yarim yilda vafot etgan o‘zbekistonliklar sonini ham keltirgan. Unga ko‘ra, 2018 yilning yanvar-iyun oylarida 75,6 ming o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etgan. Ta'kidlanishicha, o‘lim holatlari 2017 yilning shu davriga (2017 yil yanvar-iyun oylarida 4,9 promille) nisbatan 0,2 promillega kamaygan.  

O‘lim koeffitsiyenti 2017 yilning mos davriga nisbatan Toshkent viloyatida (5,7 promilledan 5,8 promillega) o‘sgan bo‘lib, sezilarli darajada kamayish Navoiy (4,7 promilledan 4,2 promillega), Farg‘ona (5,0 promilledan 4,5 promillega), Xorazm (4,6 promilledan 4,1 promillega), Namangan (4,8 promilledan 4,4 promillega) va Andijon (5,5 promilledan 5,1 promillega) viloyatlarida kuzatilgan. Jami vafot etganlarning 7,3 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik yoshdagilar (2017 yilda 7,8 foiz), 26,7 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar (2017 yilda ham 26,7 foiz) va 66,0 foizi mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar (2017 yilda 65,5 foiz ) hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, 2018 yilning yanvar-iyun oylarida vafot etganlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan 3,1 ming kishiga kamaygan.

 

Ko‘proq yangiliklar: