Bosh murabbiy qani, janob Ahmadjonov?

Sport 13:20 / 08.07.2018 74253

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiysiz qolganiga mana 7 oy bo‘lyapti. Championat.asia sayti Shahboz Beg‘amovning shu mavzuga bag‘ishlangan maqolasini chop etdi.

Samvel Babayan iste'foga chiqqach o‘rtada eski O‘FF, hozirgi O‘FAda ikki bor rahbariyat o‘zgardi. Terma jamoani o‘rtoqlik o‘yinlariga tayyorlash uchun Ro‘ziqul Berdiyev vaqtincha bosh murabbiy maqomida bir muddat ishladi. Keyinchalik Temur Kapadze vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarib turdi. Ayni paytda esa terma jamoani boshqaradigan haqiqiy ega yo‘q.

O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiy tayinlash xronologiyasi:

2017 yil, 7 sentabr: O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan iste'foga chiqarildi.

12 sentabr: O‘FFda hisobot saylov konferensiyasi: Mirabror Usmonov o‘rniga Umid Ahmadjonov O‘FF prezidenti sifatida saylandi.

27 sentabr: «Terma jamoaga kim murabbiy bo‘lishini yaqin 20-25 kun ichida e'lon qilamiz. Murabbiy xorijlik, katta tajribaga ega mutaxassis bo‘ladi».

Oktyabr: Ro‘ziqul Berdiyev BAAga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

Oktyabr: BAAga qarshi o‘yindan so‘ng O‘FA rasmiy saytida Umid Ahmadjonovning quyidagi gaplari e'lon qilindi: «Biz 20-25 kun ichida milliy terma jamoaga xorijlik murabbiy tayinlanishi haqida aytib o‘tgandik. Bugungi kunda bir qancha nomzodlarni ko‘rib chiqdik, lekin, hozircha, bizning talablarimizga javob beradigani chiqmadi. Ammo, izlanishdamiz, muzokaralar olib bormoqdamiz».

Noyabr: O‘FF terma jamoaga nomzod murabbiylar ro‘yxatini e'lon qiladi: Dan Petresku (Ruminiya), Slavolyub Muslin (Serbiya), Miodrag Radulovich (Chernogoriya), Andjyelio Alessio (Italiya), Bernd Shtork (Germaniya), Branko Ivankovich (Xorvatiya), Slaven Bilich (Xorvatiya), Valter Matstsari (Italiya), Bert van Marveyk (Niderlandiya).

Dekabr: O‘zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi yangi yildan so‘ng e'lon qilinishi aytildi.

31 dekabr: Umid Ahmadjonov: «MTJga keladigan murabbiy o‘z terma jamoasi bilan JChga yo‘l olgan, katta tajribaga ega murabbiy bo‘ladi».

2018 yil, 15 yanvar: O‘FF: Umid Ahmadjonov O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyligiga nomzod mutaxassislar bilan muzokara o‘tkazish uchun safarga yo‘l olmoqda.

16 yanvar: Umid Ahmadjonov: «Terma jamoaning yangi murabbiyini ko‘rgach, xalqimiz albatta xursand bo‘ladi».

16 yanvar: Umid Ahmadjonov - Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi prezidenti.

17 yanvar: Umid Ahmadjonov: «25 yanvarda O‘FFning navbatdan tashqari konferensiyasini o‘tkazamiz».

25 yanvar: O‘FFda navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiya: Achilboy Ramatov O‘FF prezidenti etib saylandi.

25 yanvar: O‘FF O‘FAga o‘zgartirildi.

25 yanvar: Umid Ahmadjonov O‘FAning birinchi vitse-prezidenti.

27 yanvar: O‘FA Karlos Keyrush bilan muzokara o‘tkazayotgani ma'lum bo‘ldi.

6 fevral: O‘FA xorijlik murabbiy (Karlos Keyrush) bilan og‘zaki kelishuvga erishgani aytildi. Bu ma'lumotni O‘FAning birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning shaxsan o‘zi tasdiqladi.

15 fevral: O‘zbekiston terma jamoasining vaqtinchalik yangi bosh murabbiyi - Temur Kapadze.

22 fevral: Umid Ahmadjonov Dubayga uchib ketdi, yangi murabbiy nomi iyul oyida e'lon qilinishi rasman e'lon qilindi.

15 mart: O‘FA O‘zbekiston terma jamoasining murabbiylar kengashini tuzdi: Mirjalol Qosimov («Bunyodkor»), Shota Arveladze («Paxtakor»), Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»). Terma jamoaning vaqtincha bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi - Temur Kapadze.

4 may: Osiyo Kubogi-2019ga qur'a tashlandi. «F» guruhi: Yaponiya, O‘ZBeKISTON, Ummon va Turkmaniston.

5 may: Umid Ahmadjonov: «Muxlislarimizdan yana ozroq sabr qilishlarini so‘rayman. Jahon chempionati tugasin, terma jamoamizni Osiyo Kubogiga olib boradigan murabbiy kim bo‘lishini hamma bilib oladi. O‘zimiz ham o‘sha kun kelishini kutyapmiz, lekin hozircha e'lon qilishga shoshilmay turamiz. Barchasini keyinroq OAV xodimlarini bir joyga yig‘ib rasman e'lon qilamiz. Karlush Keyrush varianti haqidami? Yashirmayman, nomzodlar orasida bu murabbiy ham bor. Men u kishi bilan Dubayda uchrashib gaplashganman. Faqat shuni aytishim mumkin, terma jamoamizning navbatdagi bosh murabbiyi albatta nomi chiqqan, mashhur mutaxassis bo‘ladi».

Sentyabrda yaqin 1 oy ichida yangi rahbariyat bosh murabbiy masalasini hal etishga va'da berilgandi. Keyinchalik nomzodlar ichidan munosibi chiqavermagach, bu muddat yana sal cho‘zilishi aytildi. Oxir-oqibat esa hamma masala Jahon chempionatidan keyinga qoldirildi. Sabab sifatida esa terma jamoaga kelayotgan bo‘lajak bosh murabbiy Rossiyadagi mundialda o‘z jamoasi bilan ishtirok etardi.

O‘FAning oxirgi ma'lumotiga ishonadigan bo‘lsak, unda iyul oyida yangi bosh murabbiy e'lon qilinadi. Xo‘sh, mana iyul oyi ham boshlanib ketdi. JCh-2018 ham tugash pallasiga yaqinlashib qoldi. O‘FA aytgan gap bo‘yicha xulosa qilsak, bizning termani boshqarishi mumkin bo‘lgan mutaxasislar uchun allaqachon mundial tugagan.

Kishini bir narsa xavotirga soladi. Osiyo kubogi boshlanishiga 6 oygina vaqt qoldi. Bizda esa hali bosh murabbiy aniq emas. Umid Ahmadjonov terma jamoamiz Osiyo kubogida yuqori vazifani bajarish uchun kurashishini ma'lum qilgandi. Qit'aning eng yirik va nufuzli turniriga esa deyarli vaqt qolmadi. Yangi kelayotgan mutaxassis bu qisqa vaqt ichida terma jamoani tubdan yangi qiyofaga kiritib qo‘yishiga ishonish mushkul. Chunki futbolda, ayniqsa terma jamoa miqyosida 6 oy juda qisqa davr. Har kuni ish bo‘ladigan klubga ham yangi murabbiy kelgach yaxshi natija qayd etishi uchun kamida 2 yil vaqt kerak bo‘ladi. Terma jamoa ishi esa ancha farq qiladi va mushkul ish.

Yaxshi murabbiy chiqmagani, JChda ishlayotgan kuchli va tajribali mutaxassisni olib kelmoqchi bo‘lganimiz yakunda bizga pand bermasa bo‘lgani. Butun boshli O‘zbekiston terma jamoasi sentabr oyidan buyon bosh murabbiysiz qolgani ancha tashvishli. Biz juda katta muddat, ancha ko‘p vaqtni yutqazdik. Buni tan olish lozim. Yangi keladigan murabbiy esa harqancha kuchli va tajribali bo‘lmasin, undan biz endilikda Osiyo kubogida natija talab qilolmaymiz. O‘FAning sharofati bilan kuchli, nomdor jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazdik. Bu har qancha olqishga arziydi, to‘g‘ri. Ammo bu o‘rtoqlik uchrashuvlarni biz bo‘lajak murabbiysiz o‘tkazdik. Hozircha bizda aniq reja yo‘q. Chunki murabbiy yo‘q. Kim bo‘lishi esa noma'lum. Shunday jamoalar bilan o‘tkazilgan nihoyatda foydali o‘rtoqlik o‘yinlaridan biz maksimal samarani chiqara olmadik. Birgina yupanch bu futbolchilar kuchli ijrochilar fonida o‘z kuchlarini tekshirib olishdi. Ruhan pishishdi.

Biz esa yangicha qiyofadagi Superliga, JChda ishlayotgan murabbiy kelishiga mahliyo bo‘lib terma jamoa 7 oy bosh murabbiysiz qolayotganini unutib qo‘yayotgandekmiz. Vaqt juda tez o‘tmoqda, Osiyo Kubogiga esa nihoyatda kam vaqt qolmoqda. Bizda esa hozircha bosh murabbiy yo‘q. Bu inkor etib bo‘lmaydigan fakt.

Tasdiqlanmagan, ammo menga ma'lum bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, Karlos Keyrush bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagan. Ya'ni, Karlos Keyrushning O‘zbekistonga kelish ehtimoli keskin pasaygan. Deyarli yo‘q.

Terma jamoani Osiyo Kubogiga ayni vaqtda «Paxtakor»ni boshqarayotgan Shota Arveladze olib borishi varianti ham bor.

Aynan shu masalada Umid Ahmadjonov bilan ko‘rishgandim. Ammo Umid Ahmadjonov Shota Arveladze nomzodi haqidagi ma'lumotni rad etdi. Jahon chempionatidan so‘ng esa kuchli va tajribali bosh murabbiy kelishini ta'kidlab, mutaxassis kimligi ma'lum bo‘lgach hamma xursand bo‘lishini ta'kidladi. Bu uchrashuvga ham deyarli 1 oy bo‘lib qolyapti.

Nima bo‘lgan taqdirda ham terma jamoaga bosh murabbiy tayinlashni iyul oyidan kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Butun boshli terma jamoa egasiz qolib ketayotgani odamni tashvishlantirmoqda. Shuncha muddat o‘tdi, 7 oy vaqt yo‘qotdik. Endi O‘FA bu yo‘qotilgan vaqtni haqiqatdan kuchli xorijlik murabbiyni olib kelish orqali «yuvishi» mumkin. Endi Osiyo kubogidagi har qanday ehtimoliy muvaffaqiyatsizlik avvalo murabbiyning gardaniga emas, balki murabbiy tayinlashni kechiktirgan O‘FAning gardaniga tushadi.

Ko‘proq yangiliklar: