Elmira Bositxonova: SSV Bekoboddagi musibat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazadi

O‘zbekiston 22:03 / 06.07.2018 49732

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyati Bekobod tumani tug‘uruqxonasida sodir bo‘lgan fojiali hodisa bo‘yicha munosabat bildirdi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Kun.uz tahririyati bilan bog‘landi hamda vazirlikning ushbu voqea yuzasidan munosabatini bildirdi. 

Elmira Bositxonova Bekoboddagi voqeani juda achinarli musibat ekanini aytar ekan, bu kabi holatlar boshqa tibbiyot muassasalarida takrorlanmasligi uchun aniq va amaliy choralar ko‘rilishini ta'kidladi. 

“Albatta, Bekoboddagi voqea juda katta musibat. Juda ham achinarli holat. Ta'kidlashni istardimki, shu kabi holatlar sog‘liqni saqlash sohasida vijdonan ishlayotgan boshqa xodimlarning mehnatini chippakka chiqaradi. 

Vazirlik Bekoboddagi ushbu ikki holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tergov-surishtiruvlaridan tashqari, tajribali professorlarni jalb qilgan holda o‘z xizmat tekshiruvini o‘tkazadi va aybdor tibbiyot xodimlariga nisbatan qat'iy choralar ko‘radi. 

Bundan tashqari, bu yerda kriminal holatlar borligi ham bilinib turibdi. Qolaversa, shu kabi fojialar qayta ro‘y bermasligi bo‘yicha ham yetishib chiqayotgan yosh kadrlar orasida tushuntirish ishlari kuchaytiriladi, xizmat tekshiruvi natijasida olingan xulosalar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga yetkaziladi”, - dedi Elmira Bositxonova.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida Bekobod tumani tug‘uruqxonasida 2 kun ichida 1 ayol va ikki norasida go‘dak hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: