Rossiyaning eng yirik turoperatori inqirozga uchrashida mamlakat terma jamoasini aybladi

Sport 10:21 / 05.07.2018 15765

Rossiyaning eng yirik turoperatorlaridan biri «Natali Turs» tasdiqlangan barcha turlarni bekor qildi. 

Kompaniya bosh direktori Vladimir Vorobyovning aytishicha, Rossiya futbol terma jamoasining kutilmagan muvaffaqiyati xorijiy turizmga bo‘lgan talabning pasayishiga sabab bo‘lgan. Bu haqda RBK xabar qildi.

«Sotuv va kompaniya likvidligi bilan bog‘liq muammolar futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanganidan so‘ng kuchayib ketdi. Rossiya terma jamoasining muvaffaqiyati sababli aksariyat rossiyaliklar Rossiyada qolishni ma'qul ko‘rishmoqda va hamkasblarimizning hisob-kitoblariga ko‘ra, sotuvlarning pasayishi 40 foizdan ortiqroqni tashkil etgan», — dedi Vorobyov.

«Biz vaziyatni o‘nglashga urindik, afsuski, bu ulkan zararga, moliyaviy muammolarga olib keldi», — deb qo‘shimcha qilgan u.

Kompaniya rahbarining fikricha, moliyaviy muammolarga shuningdek rubl kursining pasaygani ham sabab bo‘lishi mumkin.

«Rubl muntazam arzonlashmoqda va bu Rossiyadan xorijga chiqishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi», — dedi Vorobyov.

Vorobyov 4 iyul kuni turoperator moliyaviy muammolar sababli barcha bron qilingan va puli to‘langan turlarni bekor qilishini ma'lum qilgandi. 

30 iyun kuni «Natali Turs» moliyaviy ko‘rsatkichlar pastligi tufayli charter dasturlarini bekor qilgandi. Shundan so‘ng kompaniyaning mingga yaqin mijozlari turoperatorning Turkiyadagi hamkori Peninsula Tours oldidagi qarzlari sababli jabr ko‘rishgandi.

TASS manbasining xabar qilishicha, kompaniyaning kontragentlar oldidagi qarzlari o‘nlab million dollarni tashkil etadi. «Natali Turs»ning moliyaviy javobgarligi «Ingosstrax»da 50 mln rublga sug‘urta qilingan, deb yozadi RBK.

«Natali Turs» Rossiyada 1992 yilda ish boshlagan, 2000-yillardan Rossiyaning eng yirik turoperatorlaridan biri deb hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: