Markaziy bank: Mavsumiy omillar tufayli narxlar pasaydi

O‘zbekiston 20:26 / 03.07.2018 14008

Iyun oyida O‘zbekiston iste'mol bozoridagi mahsulotlar va xizmatlar narxlari avvalo mavsumiy omillarga, aynan olganda — oziq-ovqat mahsulotlarining an'anaviy arzonlashuvi bilan bog‘liq ravishda pasaydi. Markaziy bank axborotida ma'lum qilinishicha, pasayishning o‘rtacha darajasi 2,7 foizni tashkil etgan.

Ayni paytda, agarda meva va sabzavotlar narxlari hisobga olinmasa, u holda narxlar o‘rtacha 0,8 foizga oshgan. Pomidor (66,7 foiz), bodring (52,6 foiz), kartoshka (45,7 foiz) va olma (35,8 foiz) arzonlashuvi narxlarning umumiy darajasiga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan.

Mavsumiylik kasb etmaydigan qator oziq-ovqat mahsulotlari narxida esa o‘sish kuzatilgan. Mosh 14,8 foiz, guruch — 13,7 foiz, grechka — 9 foiz, ma'danli suv — 8,2 foiz, shakar — 2,4 foiz, qo‘y go‘shti — 2,1 foiz va mol go‘shti — 1,7 foizga qimmatlashgan.

Markaziy bank xabarida go‘sht, guruch va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari importining ortishi ular narxining barqarorlashuviga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.

So‘mning ayriboshlash kursining mustahkamlanishi va chegaradosh respublikalar bilan tashqi savdoning liberallashayotgani nooziq-ovqat mahsulotlar narxining barqaror bo‘lishini (pasayish — 0,7 foizga) ta'minlamoqda.

Iyunda xizmatlarning 1,4 foizga qimmatlashuvi asosan stomatologik xizmatlarning 13,1 foizga, shahar transportida yo‘l kiraning 11,6 foizga va yuklarni avtomobilda tashish xizmatlarining 3 foizga qimmatlashuvi bilan bog‘lanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: