Butun dunyo bo‘ylab kompyuter foydalanuvchilari o‘z texnikalarida yo‘qotib bo‘lmaydigan All-Radio 4.27 Portable zararli dasturini topa boshlashdi. Ilk bor ushbu virus haqida Malwarebytes forumida so‘z bora boshladi, deb yozmoqda Bleepingcomputer.
Ma'lum bo‘lishicha, virus asosan Windows dasturiy ta'minotida ishlaydigan kompyuterlarni nishoniga olgan. Foydalanuvchilar imkon qadar undan qutulishga urinib ko‘rishgan, biroq o‘chirib tashlash mexanizmlarini topa olishmagan.
Rasman Rossiyada ishlab chiqilgan All-Radio 4.27 Portable dasturi — bepul universal pleyer bo‘lib, musiqa eshitish va teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish imkonini beradi. Noma'lum xakerlar esa, uni o‘zgartirishga hamda zararlangan dasturni originalidek tarqatishga muvaffaq bo‘lishgan.
BleepingComputer ekspertlariga ko‘ra, foydalanuvchilarning aksariyati Microsoft dasturlarini faollashtiruvchi ayrim mahsulotlarni yuklab olganlaridan keyin ushbu virus paydo bo‘lganini aytishgan. Tahlillardan so‘ng ma'lum bo‘lishicha, virus qurbonlari "kalitlar" ko‘rinishida reklama aimp to‘plamlarini qabul qilishgan, ayni shu narsa kompyuterning zararlanishiga sabab bo‘lgan. Zararlanish vositalari orasida maynerlar, spamerlar, turli troyanlar hamda zararlanishni yashiruvchi rutkitlar ham bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan, ekspertlar aktivator-dasturlardan foydalanishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirishdi.