Innovatsion rivojlanish vazirligi «aqlli bekat»ni foydalanishga topshirdi

Fan-texnika 17:13 / 30.06.2018 38291

30 iyun kuni O‘zbekistonda Yoshlar kuni nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Termiz shahrining yosh tadbirkorlari hamkorligida Surxondaryo viloyati markazida innovatsion jamoat transport bekatlarini foydalanishga topshirildi.  Termiz shahrida ikkita aqlli bekatning qurilishi yakunlanib, to‘liq jihozlandi, yana sakkizta bekatning qurilishi davom etmoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ishga tushgan zamonaviy bekatlarga yozgi-qishki konditsioner, jamoat transporti harakat jadvalining tablosi, “Fuqaro-tezkor yordam xizmati” favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-fi internet tarmoqlari, video nazorati hamda USB elektr tarmog‘i nuqtalari o‘rnatilgan. Har bir bekatda quyosh panellari ham  bo‘lib, bu panellardan olinadigan energiya bekatning yoritgichlari va USB elektr tarmog‘i nuqtalarini avtonom elektr energiyasi bilan ta'minlash quvvatiga ega.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Bundan tashqari, endi bekatdagi odamlarning soni to‘g‘risida tezkor ma'lumotlar to‘plash imkoniyati ham paydo bo‘lgan, bu yo‘nalishdagi transportni rejalashtirishga sharoit yaratadi. Shuningdek, bekatlarda va ularning yon-atrofida jamoat tartibini buzish holatlari bo‘yicha tezkor ma'lumot olish ham mumkin. Yana bekatlarga bank to‘lov terminallari ham o‘rnatilgani aholiga yana bir qulaylik beradi.

Uchta bo‘linmaga ega chiqindi qutichalari axlatlarni turlariga qarab ajratish imkoniyatini beradi. Bu o‘z navbatida aholining ekologik madaniyatini o‘sishiga hissa qo‘shadi. Bekatlarga o‘rnatilgan poyabzallarni tozalash uskunalari yo‘lovchilarni saranjom-sarishta yurishlariga, jamoat transportining ozoda saqlanishiga sabab bo‘ladi.

Innovatsion bekatlarda qulaylikni ta'minlash maqsadida uning orqa va yon modullari uyali polikarbonatli ustunlardan iborat bo‘lib, laminatlangan qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Mavsumiy iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda bekatlar ochiq va yopiq kutish zallaridan iborat. Shuningdek, aqlli bekatning o‘zgaruvchan havo iqlimiga chidamliligini oshirish maqsadida uning ichki tomonida iqlimni nazorat qiluvchi moslamalar joylashtirilgan.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Bekatlar oynaband, ammo oynalari oddiy emas, innovatsion. Shu oynalar kech tushgach katta ekran rolini o‘ynay boshlaydi. Bugundan ular orqali turli ijtimoiy va tijorat reklama roliklarini namoyish etish boshlab yuborildi. Bu roliklarni bekatni ichidan ham, tashqarisidan ham tomosha qilish imkoniyati mavjud.

Ushbu innovatsion bekatlar aholi uchun ham, jamoat transportlari qatnashi uchun ham zamonaviy shart-sharoitlarni yaratishi bilan ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Keyinchalik bunday bekatlar respublikaning boshqa viloyatlarining shahar va tumanlarida qurilishi kutilmoqda. Termiz shahrining o‘zida yana 50ta aqlli bekat barpo etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri bekatlaridagi marketlar yopilishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: