Forbes ma'lumotlariga ko‘ra 20 mlrd dollarga ega bo‘lgan Ilon Maskning kompaniyasi - The Boring Company Chikagodagi O’Xara xalqaro aeroportiga tezyurar poyezdni qurish uchun bir necha milliard dollarlik tenderni yutib oldi, deb xabar bermoqda Bloomberg vaziyatdan xabardor manbaga asosan. Keyinchalik, Boring Co. bu ma'lumotni o‘zining Twitter’dagi sahifasida tasdiqladi. «Biz Chikagogacha bu yangi tezyurar transport tizimini qurish uchun mer va shahar bilan hamkorlik qilishdan juda mamnunmiz», - deyiladi xabarda.
Loyiha yer osti tunnellaridan iborat bo‘lib, ularda har birining sig‘imi 16 kishi bo‘lgan pilotsiz platformalar soatiga 160 km tezlikda harakatlanadi. Maskning rejasiga ko‘ra, yo‘l qurilib bo‘lgach, yo‘lovchilar aeroportdan shahar markaziga atigi 12 daqiqada taxminan 20-25 dollar evaziga borishi mumkin bo‘ladi. Hozirda chikagoliklar aeroportga Chikago tranzit boshqarmasi poyezdida 5 dollarga borishlari mumkin, ammo yo‘l taxminan 40 daqiqa davom etadi.
Bloomberg’ning ta'kidlashicha, bu atigi 18 oy muqaddam ishga tushirilgan kompaniya uchun jiddiy g‘alaba bo‘lib, u «isbotlanmagani futuristik g‘oyalar bilan ishlaydi», hamda qurilishda deyarli real tajribaga ega emas. Bunda faqat Kaliforniya shtatidagi Los-Anjyeles shahri yaqinida qurilayotgan Xotorn sinov tunneli istisno bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Chikago ekspressining qurilishi kompaniyaga Los-Anjyeles va Vashingtondagi transport loyihalarini olish imkonini yaratadi, u bularga ham da'vogarlik qilmoqda. «Ilon Mask texnologiyasi ishlashini isbotlash uchun imkoniyat qidirmoqda, hamda Chikago uni non va tuz bilan kutib olmoqda», - deydi Chikagodagi De-Paula Universiteti metro rivojlanishi bo‘yicha Chaddik Instituti direktori Jo Shviterman.
«Biz mag‘lubiyatga uchrashni yoqtirmaydigan yigit, hamda uning resurslariga ishonmoqdamiz. Yo‘lda ko‘plab Tesla’lar harakatlanmoqda. Shuningdek, SpaceX’ni ishga tushirdi. U kerakli narsani isbotlab bo‘ldi», - deya ma'lum qilish shahar meri Rem Emanuel.
Loyiha shunisi bilan g‘ayrioddiyki, unda davlat tomonidan moliyalashtirish talab etilmaydi - qurilishning barcha xarajatlari g‘olibning yelkasiga tushadi. Ammo, loyiha Mask kompaniyasiga qanchaga tushishi hozircha noma'lum. Chicago Tribune manbasiga ko‘ra, gap kamida 1 mlrd dollar haqida ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla minglab xodimlarini ishdan bo‘shatayotgani xabar qilingandi.