O‘zbekistonda «iste'mol savatchasi» va «yashash minimumi» tushunchasi joriy etiladi, shuningdek, ularni hisoblash mezonlari aniqlashtiriladi. Bu 2018 yilgi Davlat dasturida nazarda tutilgan. Ushbu tashabbusni 1 iyulga qadar amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiyot vazirligi tomonidan O‘zbekistonda iste'mol savatchasining minimal miqdori va yashash minimumini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi loyiha e'lon qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, birinchidan, oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati va ularni iste'mol qilishning kunlik o‘rtacha minimal tibbiy me'yorlari bugungi iste'mol darajasiga mos kelmaydi.
Ikkinchidan, minimal iste'mol savatchasi va yashash minimumi qiymati hamda tarkibi haqida jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha aniq va shaffof mexanizm yo‘q. Uchinchidan, hisob-kitob qilishning metodologiyasi yo‘q. To‘rtinchidan esa, aholining ayrim qatlamlari pensiya, nafaqa va to‘lanadigan ish haqining miqdoridan qoniqmayapti.
Shu munosabat bilan vazirlik oziq-ovqat mahsulotlari va to‘liq hamda sog‘lom ovqatlanish uchun zarur bo‘lgan kunlik o‘rtacha minimal tibbiy iste'mol normalari ro‘yxatini tayyorladi.
Aholi bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining eng kam to‘plami qiymatini aniqlash uchun umumiy aholi tarkibidagi tegishli ijtimoiy-demografik guruh ulushi o‘rtacha baholanadi.
Ijtimoiy-demografik guruhlarning olingan ulushlari ushbu ijtimoiy-demografik guruh uchun oziq-ovqat mahsulotlarining hisoblangan qiymatlariga ko‘paytiriladi va natijada olingan mahsulotlar umumlashtiriladi.
Asosiy ijtimoiy-demografik guruhlar (bolalar, mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar) uchun bir sutkalik oziq-ovqat mahsulotlari qiymati oziq-ovqat mahsulotlari iste'molining o‘rtacha bir sutkalik normativini bir oylik o‘rtacha iste'mol narxlari haqidagi tegishli ma'lumotlarga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining bir qismi uy xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilishi va iste'mol qilinishini hisobga olgan holda, alohida oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha sotib olish narxi tegishli pasayish koeffitsiyentlari bilan to‘g‘rilanadi.
Aholi va asosiy ijtimoiy-demografik guruhlar (bolalar, mehnatga layoqatli aholi, nafaqaxo‘rlar) bo‘yicha minimal iste'mol savatchasi narxi bir qator oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar qiymatini umumlashtirish bilan aniqlanadi.
Majburiy to‘lovlar va yashash minimumi hisob-kitobi uchun yig‘imlar bo‘yicha baholash qiymati aholining umumiy tarkibida mehnatga layoqatli yoshdagi kishilar ulushini aks ettiruvchi koeffitsiyent yordamida yashash uchun minimal hisob-kitoblarni jamlash bilan belgilanadi.
Yashash minimumining kattaligi minimal iste'mol savatchasi va majburiy xarajatlar hamda to‘lovlarni baholash qiymatini umumlashtirish yo‘li bilan aniqlanadi.
Minimal iste'mol savatchasi qiymati va yashash minimumi darajasining kattaligi har oyda Iqtisodiyot vazirligi tomonidan keyingi oyning 15-kunigacha hisoblab chiqariladi.
Iqtisodiyot vazirligi har chorakda aholi daromadlarining sotib olish imkoniyatini tahlil qiladi, uning natijalari Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi, minimal iste'mol savatchasi va yashash minimumining qiymati hamda tarkibi vazirlik saytida e'lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi institut yashash minimumi va iste'mol savatchasini hisoblab chiqishi xabar berilgandi.