BMT Isroilni Livandagi qarorgohiga hujum qilishda aybladi

Jahon 08:36 / 11.10.2024 2156

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 10 oktyabr, payshanba kuni Isroilni BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari shtab-kvartirasi (UNIFIL) va BMT missiyasining mamlakat janubidagi boshqa ikkita obektiga hujum uyushtirganlikda aybladi. Oqibatda Indoneziya fuqarolari yaralangani aytilmoqda. Isroil tomoni bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yaralanganlar Naqura shahridagi UNIFIL kuzatuv minorasidan Isroilning «Merkava» tanki tomonidan o‘qqa tutilganidan keyin qulagan. Hozir ikkalasi ham kasalxonada, hayotlari xavf ostida emas. Bayonotda, shuningdek, Isroil harbiylari UNIFIL'ning boshqa pozitsiyalariga ham hujum qilgani qayd etilgan. Oqibatda transport vositalari va aloqa tizimlariga zarar yetgan, biroq xodimlardan jabrlanganlar yo‘q.

Italiya mudofaa vaziri Gido Krosetto voqeani «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi va Isroilning Rimdagi elchisi bilan favqulodda muzokaralar o‘tkazdi. UNIFIL missiyasida qatnashayotgan 10 ming askardan ming nafari italiyalikdir. Irlandiya bosh vaziri Saymon Xarris tinchlikparvar kuchlarga qilingan hujumlarni «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. Irlandiya harbiylari ham BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari tarkibiga kiradi.

6 oktyabr kuni UNIFIL Isroilning o‘z tinchlikparvar kuchlarini Livan janubidagi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) «Hizbulloh» harakati jangchilariga qarshi kurashayotgan hududdan ko‘chirish taklifini rad etgani ma’lum bo‘ldi.

Yaqin Sharqda mojaroning kuchayishi

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabrda keskin yomonlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tan olingan Hamas harakati Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Isroilga yirik raketa hujumi amalga oshirildi, uning hududiga bostirib kirildi va zamonaviy Isroil davlati tarixida tinch aholiga nisbatan eng yirik hujum ro‘y berdi, 1200 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Shuningdek, jangchilar 250 ga yaqin odamni garovga olib, G‘azo sektoriga olib ketishgan. Garovga olinganlarning ba’zilari almashtirildi yoki qo‘yib yuborildi, boshqalari esa vafot etdi.

Isroil bunga javoban Hamasga qarshi urush e’lon qildi. Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, quruqlikdagi operatsiya va G‘azo sektorini bombardimon qilish natijasida 42 mingga yaqin falastinlik halok bo‘lgan. Falastinlik jangchilarni Germaniya, AQSh, Isroil va qator arab davlatlarida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan Livanning «Hizbulloh» harakati qo‘llab-quvvatlagan. «Hizbulloh» muntazam ravishda Livandan Isroilga qarata o‘q uzadi.

2024 yil sentabr oyining ikkinchi yarmida Isroil «Hizbulloh»ga qarshi harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Isroil havo hujumlari natijasida guruhning bir qancha yetakchilari, jumladan, uning yetakchisi Hasan Nasrulloh yo‘q qilindi. Sentyabr oyi oxirida TsAHAL Livan janubida «cheklangan quruqlikdagi operatsiya»ni boshladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 100 mingga yaqin livanlik Isroil havo hujumlaridan so‘ng qo‘shni Suriyaga qochgan.

Ko‘proq yangiliklar: