Kuni kecha Andijon viloyatiga Ajlan&Bros Group kompaniyasi rahbari Shayx Ajlan ibn Muhammad Abdulaziz tashrif buyurdi. Viloyat rasmiy vakillari, mehmon va uning hamrohlarini “Andijon” aeroportida kutib olishdi.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan rasmiy qabul davomida Shayx Ajlan ibn Abdulaziz bilan Andijonda tekstil sohasi, paxta yetishtirish, mehmonxona biznesi bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Qabul davomida Ajlan&Bros Group kompaniyasi vakillariga viloyatning mavjud imkoniyatlari, turizm obektlari va tabiiy resurslari haqidagi videolavha namoyish etildi.
Shayx Ajlan ibn Abdulaziz korxona qurishga mo‘ljallangan hududlar, Jalaquduq tumanidagi paxta maydonlarini bilan tanishdi.
“O‘zbekistonga kelishimizdan maqsad, biznesda istiqbolli rejalar tuzish. Tashrif davomida Samarqand, Buxoro va Andijon viloyatlaridagi biznes uchun mavjud muhit bilan tanishdik. 70 ming gektar maydonda paxta yetishtirib, tizimda klaster qilmoqchimiz. Umid qilamanki, muzokaralar har ikki tomon uchun foydali bo‘ladi. Rejalarimiz amalga oshsa, bir-ikki yil davomida mamlakatingizga 2 milliard dollar miqdoridagi katta sarmoya kiritib, korxonalar qurib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratmoqchimiz ”, - deydi mehmon KUN.UZ saytiga bergan intervyusida.
Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri Andijon