Valyutaviy svoplar bo‘yicha bazaviy kurs erkin belgilanadi

Iqtisodiyot 12:18 / 11.06.2018 7485

Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi banklari tomonidan valyutaviy svop operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

Ma'lumot uchun: valyutaviy svop operatsiyasi - bitimda belgilangan muddat va valyuta kursi bo‘yicha hisoblashish (qayta almashuv) sharti asosida valyutalarni bir vaqtda sotib olish va sotish (almashuv) bo‘yicha ikki tomonlama bitimdir. Valyutaviy svop operatsiyasi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismini amalga oshirishda valyutalarning dastlabki almashinuvi (spot bitim), ikkinchi qismini bajarishda esa, qayta almashinuvi (forvard bitimi) va svop shartnomasining yopilishi sodir bo‘ladi.
 
Birinchidan, valyutalarning bazaviy kursini belgilash tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Endi so‘m va chet el valyutasi yoki ikki chet el valyutasi o‘rtasidagi svop bitimini tuzishda svop bitimining bazaviy kursi (spot-kurs) tomonlarning ixtiyoriga ko‘ra erkin belgilanadi.
 
Ilgari spot-kurs Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan va svop bitimi tuzilgan paytda amal qilgan valyutalar kursiga teng bo‘lgan (yoki kross-kurs asosida hisoblangan – chet el valyutalari o‘rtasidagi bitimda).
 
Ikkinchidan, ilgari xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faqat joriy xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda bank bilan valyutaviy svop bitimini tuzishlari mumkin edi. Endi bu shart bekor qilindi. Ya'ni yuridik shaxslarga o‘z faoliyatlari jarayonida bankning tegishli xizmatini hech qanday cheklovlarsiz olish huquqi berildi. Biroq, ushbu operatsiya bo‘yicha xarid qilingan chet el valyutasi faqatgina joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan to‘lovlar uchun sarflanishi mumkinligi aytib o‘tilgan.
 
Uchinchidan, chet el valyutalari sifatida valyutaviy svopni amalga oshirish uchun banklar ularning xohishiga ko‘ra istalgan chet el valyutalaridan foydalanishlari mumkin. Ilgari aniq ro‘yxat belgilangan edi: AQSh dollari, yevro, Angliya funt sterlingi, Shveytsariya franki va Yaponiya iyenasi (ya'ni erkin almashtiriladigan valyuta).
 
Hujjat 7.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: