O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi yil boshidan beri qanchaga teng bo‘lgani aytildi 

Iqtisodiyot 15:45 / 11.06.2018 9355

Respublikada tashqi savdo aylanmasi 2018 yil yanvar-may oylarida 14,7 mlrd. AQSh dollarini, shu jumladan eksport 6,5 mlrd. AQSh dollarini va import 8,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil qildi. Tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 1,7 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda. 

Eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 64,3%ga o‘sishi tabiiy gazning 1,8 martaga oshgani hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar esa 2,6%ga o‘sdi, shundan plastmassa va plastmassa buyumlarining eksporti 18,5%ga oshdi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,8%ga o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmining 60,9%ga o‘sishiga olib keldi.

Import tarkibida asosiy ulush mashina va asbob-uskunalar (umumiy import hajmida 33,7%) va kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (11,5%) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Eksport tarkibining umumiy hajmidan 29,8%ni xizmatlar tashkil qiladi, bunda transport xizmatlari 10,4%ni va safarlar 17,6%ni tashkil qiladi.

2018 yil yanvar-may oylarida tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 1731,8 mln. AQSh dollarni tashkil qildi, shundan MDH davlatlari bilan minus 887,6 mln. AQSh dollarni va boshqa davlatlar bilan minus 844,2 mln. AQSh dollarni tashkil etdi.

MDH davlatlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari tashqi savdo aylanmasida asosiy hamkorlar hisoblanib, ularning jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 27,5%ni tashkil qildi, boshqa davlatlar orasida Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Afg‘oniston, Germaniya, Latviya, Eron, Fransiya davlatlari hisoblanib, ularning ulushi 32,1%ni tashkil qilmoqda.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksport xajmi 305,4 mln. AQSh dollarini tashkil qildi, yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,8%ga oshdi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmida 40,6%ni meva va rezavorlar (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 martaga o‘sdi), 49,0%ni sabzavotlar (58,9%ga), 7,5%ni uzum (0,4%ga kamaydi) tashkil qiladi. 

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportida asosiy hamkor davlatlar Qozog‘iston (umumiy hajmdan 47.4,4%), Rossiya (13,4%), Afg‘oniston (7,7%), Qirg‘iziston (7,3%), Xitoy (4,7 %), Vetnam (4,4%), Turkiya (3,0%), Pokiston (2,0%) va Eron (1,3%) hisoblanadi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining fizik hajmi 434,5 ming tonnani tashkil qildi, yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 88,7%ga oshdi. Jami meva-sabzavot mahsulotlari eksportining fizik hajmida 59,4 ming tonnani meva va rezavorlar (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39,4%ga o‘sdi), 338,9 ming tonnani sabzavotlar (2,2 martaga), 25,5 ming tonnani uzum (16,0%ga kamaydi), 9,9 ming tonnani yer yong‘oq (5,5 martaga), 772,2 tonnani yangi uzilgan qovun va tarvuz (11,4 martaga) tashkil qildi.

2018 yil yanvar-may oylari yakuni bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari eksporti umumiy eksport hajmida 8,3%ni tashkil qildi. To‘qimachilik mahsulotlari eksport xajmi 536,5 mln. AQSh dollarini tashkil qildi yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: