Markaziy bankning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

Iqtisodiyot 08:04 / 07.06.2018 47642

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida yangi tahrirdagi "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, Markaziy bankning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: 

narxlari barqarorligi;
bank tizimining barqarorligi va rivojlanishi;
to‘lov tizimining barqarorligi va rivojlanishi.
Belgilanishicha, foyda olish Markaziy bankning asosiy maqsadi emas.

Bundan tashqari, Markaziy bankning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

pul-kredit siyosati va valyuta siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilishni tashkil etish va amalga oshirish;
bank tizimining barqarorligini ta'minlash, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatiga ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasida to‘lov tizimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ta'minlash;
banklar, bank xoldinglari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, valyuta birjasi va kredit byurolari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish;
banklar, bank xoldinglari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va kredit byurolarini nazorat qilish;
bank xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilishni ta'minlash, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish;
bank, pul-kredit statistikasi shakllantirish va e'lon qilish;
tashqi sektor statistikasi, shu jumladan to‘lov balansi, xalqaro investitsiya pozitsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzlari, zaxiraviy aktivlari va valyuta kurslarini shakllantirish va e'lon qilish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralarini boshqarish, hisobga olish va saqlash.

Markaziy bank quyidagi huquqlarga ega emas:

moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanish;
tijorat faoliyati bilan shug‘ullanish;
uchinchi shaxslarga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berish;
banklar va boshqa yuridik shaxslarning kapitalida ishtirok etish, bunda valyuta birjasi kapitallaridagi ishtirok etish istisnodir.

Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga hisobot beradi.

Oliy Majlis Senati:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining taqdimnomasiga binoan Markaziy bank raisini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
yillik hisobotni, shuningdek auditor xulosasini ko‘rib chiqadi.

Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida qarorlarni qabul qilishda mustaqildir.

Davlat Markaziy bankning va Markaziy bankning davlatning majburiyatlari bo‘yicha, agar ular o‘zlari bunday majburiyatlarni o‘z zimmalariga olgan bo‘lmasa yoki qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, javobgar emas. 

Markaziy bankning auditi har yili mustaqil nazorat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: