Nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘shimcha kvotalar asosida o‘qishga qabul qilinadi

O‘zbekiston 20:52 / 06.06.2018 17935

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 2 iyunda qabul qilingan “Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 417-sonli qarorida oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalarining ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti oliy ta'lim muassasalari tomonidan shakllantirilib, bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar orqali har yili Prezidentning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng ikki hafta muddatda Respublika ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi. 

Oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha kvotalarning ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti ikki hafta muddatda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I-va II-guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma'lumotnomaga ega I- va II-guruh nogironlari, shuningdek nogiron nogironligi bo‘lgan shaxslar kiradi. 

Ta'kidlash joizki, nizomda oliy ta'lim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan mazkur ta'lim yo‘nalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi. 

Oliy ta'lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. 

Qabul jarayonida oliy ta'lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy ta'lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi. Mazkur komissiya tarkibiga O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakili ham kiritilishi mumkin. 

Mazkur komissiya nogironligi bo‘lgan shaxslardan ariza va hujjatlarni qabul qiladi, ular bilan kasbga yo‘naltirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi. 

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat'iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: