Microsoft kompaniyasi Shotlandiyaga qarashli Orkney orollari yaqinida dengiz ostida 35,5 metr chuqurlikda 864 ta serverga ega ma'lumotlar markazini yaratdi.
Ma'lumotlar markazi elektr ta'minoti va internetga orollargacha cho‘zilib ketgan suv osti kabeli orqali ulangan. Markazni saqlash uchun xarajatlarni kamaytirish maqsadida serverlarni sovitishda dengiz suvidan foydalanish rejalashtirilgan. Aynan serverlarni sovitish uchun katta miqdorda mablag‘ sarflanadi.
Kompaniya bir yil davomida markaz holati, kapsulalar ichidagi harorat va korpusning germetikligini tahlil qilib boradi. Keyinroq kompaniya iqtisodchilari bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish bo‘yicha qaror qabul qilishadi. Muhandislarning fikricha, bunday markaz kamida 5 yil xizmat ko‘rsatish zaruratisiz ishlaydi.
Kompaniya 3 yil avval ham bunday texnologiyani sinovdan o‘tkazgan, o‘shanda kichik o‘lchamli markaz Kaliforniya yaqinida okean tubida o‘rnatilgan. Serverlar dengiz ostida 105 kun turganiga qaramay, mutaxassislar bunday markazni yaratish ustidagi ishlarni davom ettirishgan.