Arosatda qolgan istirohat bog‘i: sansolarlikka qachon barham beriladi?

Jamiyat 00:53 / 05.06.2018 15709

Kishilarning maroqli hordiq chiqarib, kayfiyatini ko‘tarishda madaniyat va istirohat bog‘lari muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, dam olish kunlari bolajonlar bunday maskanlarga olib borishingizni so‘rab, xarxasha qilishlari tabiiy hol. Ularni tabiat bag‘riga olib chiqish, attraksionlarda uchishidan zavq olish kattalarning ham kayfiyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, deb yozadi IIVning "Postda" gazetasi.

— Mana, o‘quv yili ham yakunlandi, — deydi poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida yashovchi Madina Fayzullayeva. — Farzandlarimga hamma fanlardan a'lo baho olsa, yozgi ta'tilda dam olish maskani, hayvonot bog‘i va muzeylarga olib borishni va'da qilgandim. Tasodifan yo‘lim tushib, «Do‘stlik bog‘i»ni bir ko‘rib ketay-chi, dedim. Sigaret chekayotgan o‘smirlar, burchak-burchaklarda bir-birining pinjiga tiqilib olgan yigit-qizlar, ayniqsa, bog‘ning xaroba ahvoldaligi hafsalamni pir qildi…

Madina opaning kuyunganicha bor: to‘g‘ri, poytaxtimizda boshqa ko‘plab dam olish maskanlari faoliyat ko‘rsatyapti, odamlarda esa tanlash imkoniyati mavjud. Ammo ushbu hududda yashovchi oilalar bolalarini boshqa joylarga olib borishdan ko‘ra, shu yer yaqinligi inobatga olinadigan bo‘lsa, fuqaroning haqli talabini kim ham qo‘llab-quvvatlamaydi, deysiz.

— Ancha oldin kelganimda bu yer odamlar bilan gavjum edi, — deydi o‘zini Ma'mura Odilova deb tanishtirgan sirdaryolik onaxon. — Qizim shu yerga yaqin joyda yashagani uchun nevaramni sayrga olib chiqqan edim. Ko‘plab attraksionlar ishlamasa-da, nomlarining xato yozilganini ko‘rib, nevaram ularni sanab chiqyapti. U hali 5 yoshda. Nevaramning «Buvijon, suvning rangi nega bunaqa?» degan savoliga, ochig‘i, qanday javob berishni bilmay qoldim. Bolalar o‘yinqaroq bo‘ladi. Suvda qo‘l yuvishi yoki bir-biriga suv sepib o‘ynashi mumkin-ku. Lekin bu yerdagi sun'iy ko‘lning ifloslangan suviga qarab, har qanday ota-ona farzandini bu joyga yaqin yo‘latmasligi tayin.

 

Ming afsuski, bog‘ning bugungi ahvolini ko‘rib, yuqoridagi fikrlarda jon borligiga iqror bo‘lasiz. Sanitariya talablariga umuman javob bermaydigan suv havzasi, sun'iy ko‘l chetidagi eski qayiqchalar, baklajka va boshqa turli chiqindilarning suv yuzasida qalqib yurishi ko‘nglingizni xira qiladi. Nomiga ishlaydigan uch-to‘rt attraksionning ham zamon talabiga javob bermasligini ko‘rib, madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat ko‘rsatyaptimi o‘zi, deb o‘ylab qolasan. Nega bu bog‘ bunchalik xaroba ahvolga tushib qoldi? Nahotki, bu joy madaniy hordiq chiqarish, kichkintoylarga quvonch ulashish o‘rniga hali oq-qorani tanimagan yoshlarga xufyona uchrashadigan makonga aylanib qolgan bo‘lsa, degan og‘riqli savollar ko‘ngildan o‘tadi.

Ahvol nega bu darajaga kelib qolganligi bilan qiziqib ko‘rdik. Aytishlaricha, mazkur bog‘ni zamon talabi asosida ta'mirlash va jihozlanishini o‘z bo‘yniga olmoqchi bo‘lgan «Xonchinor» mas'uliyati cheklangan jamiyat 2016 yilning sentabr oyida Madaniyat va sport ishlari vazirligiga murojaat etgan. MChJ uzoq muddatli ijara shartnomasiga asosan birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, 4–5 mlrd. so‘mlik investitsiya kiritib, shundan 3,6 mlrd. so‘m mablag‘ni bog‘ hududini kapital rekonstruksiya qilishga, 0,9 mlrd. so‘mni esa zamonaviy bolalar o‘yingohlari va attraksionlar o‘rnatishga sarflashni rejalashtirgan ekan. Prezidentimiz baynalmilal madaniyat markazi ko‘plab tadbirlarni mazkur bog‘da o‘tkazishini hisobga olib, bu yerni millatlararo totuvlikni ifoda etuvchi maskanga aylantirish taklifini ilgari surdi.

Qolaversa, davlatimiz rahbari 2017 yil 24 yanvar kuni Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvda «Bobur» nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini «Do‘stlik bog‘i», deya nomlashni taklif qilgan edi. Bir oy ichida hukumat vakillariga tegishli idoralar bilan hamkorlikda «Do‘stlik bog‘i»da O‘zbekistonda istiqomat qiladigan ko‘plab millat vakillarining milliy madaniyati, urf-odatlari, pazandachilik an'analarini ifoda etadigan pavilonlar tayyorlash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish topshirig‘ini bergan edi.

Shunga ko‘ra, 2017 yilning iyun oyida Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga asosan Toshkent shahridagi «Do‘stlik bog‘i» (sobiq «Bobur» nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi (sobiq Respublika baynalmilal madaniyat markazi) tasarrufiga o‘tkazilishi lozim edi. Shuningdek, istirohat bog‘iga tegishli bino, inshoot, qurilmalar va boshqa barcha moddiy boyliklar qo‘mita balansiga badalsiz, bepul o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, qo‘mita yangi tashkil qilinganligi inobatga olinib, Toshkent shahar hokimligining «Bobur» nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining kommunal xizmatlar, elektr energiyasi, soliqlar bo‘yicha va boshqa mavjud qarzlarini qoplab berishi mazkur hujjatda ko‘rsatib o‘tilgan.

— Ushbu bog‘ ishchi-xizmatchilari davlat unitar korxonasi zimmasida, katta qarzdorligi bo‘lgani sababli ikki yil davomida maoshsiz ishlab kelgan, — deydi Toshkent shahar hokimligining Madaniyat bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Rixsitilla Alimov. — Bu holatdan norozi bo‘lgan ishchilar Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilishdi va bu masala Toshkent shahar hokimligi tomonidan ijobiy hal etildi. Shundan so‘ng bog‘ni tugatish bo‘yicha tuzilgan komissiyaga kiruvchi kishilardan boshqa hamma o‘z arizalariga ko‘ra ishdan ketdi. Boshqarmamiz tomonidan qo‘mitaga bir necha bor «Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i» davlat unitar korxonasi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida xat jo‘natdik. Qo‘mita yuqorida aytib o‘tilgan moddiy boyliklarni o‘z balansiga o‘tkazishga tayyorligini bildirib, hujjatning tegishli bandi talabini bog‘ning kreditorlik qarzdorligi tufayli bajara olmasligini ma'lum qildi. Hujjatda qarzdorlik Toshkent shahar hokimligi zimmasida ekanligi va maskanni rekonstruksiya qilish Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mutasaddilarining ham fikrini bilishni lozim topdik.

— Hozirda bog‘ qo‘mita tasarrufiga o‘tmagan, tegishli idoralar bilan hujjatlashtirish ishlari olib borilmoqda, — dedi qo‘mita raisining o‘rinbosari Kamoliddin Eshonxo‘jayev.

Tushunishimiz bo‘yicha masalaning yechimiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy sabab bog‘ning katta miqdordagi qarzdorligidir.

Darvoqe, bu yerda Yaponiya davlati tomonidan yer yuzidagi tinchliksevar mamlakatlarga sovg‘a qilinadigan «Tinchlik bongi» bor. Xalqaro tinchlik kuni munosabati bilan uning atrofida do‘stlik jamiyatlari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va keng jamoatchilik vakillari, yoshlar jamuljam bo‘lishadi. Bundan tashqari, hududdagi mo‘'jazgina, tarixiy uslubda qurilgan «Seul bog‘i»da ham turli tadbirlar o‘tkaziladi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: poytaxtimiz markazidagi mazkur dam olish maskanining bugungi qiyofasi mehmonlarda qanday taassurot qoldiradi?

Qolaversa, arosatda qolgan maskanning turli huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etishga moyil kimsalarning «boshpanasi»ga aylanib qolmasligiga kim kafolat beradi?

Umid qilamizki, mutasaddi tashkilot va idoralar tez orada mazkur masalani ijobiy hal etib, poytaxtimiz aholisi va mehmonlarining quvonchiga sabab bo‘luvchi «Do‘stlik bog‘i»dagi kamchiliklarni bartaraf etishadi.

Sherzod ABDUSAMADOV.
Sodiq HAKIMOV olgan suratlar.

Ko‘proq yangiliklar: