Xitoydagi ilg‘or kompaniya: Xiaomi arzon narxlarda qanday qilib pul ishlayapti?

Fan-texnika 13:08 / 02.06.2018 31846

Smartfonlarni ishlab chiqaruvchi bu kompaniya aksiyalarini birlamchi joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu yil uchun birjaga chiqishdagi eng ahamiyatli voqea bo‘ladi — Xiaomi 100 mlrd AQSh dollariga baholanishi mumkin.

Smartfonlar bozoriga xos bo‘lgan kuchli raqobat bilan sobiq muvaffaqiyatsizliklardan o‘nglanish oson emas. Mobil texnologiyalarning BlackBerry va Nokia kabi ulkan o‘yinchilarini ko‘pchilik allaqachon unutgan, biroq katta zarar va jiddiy raqobatga qaramay, Xitoyning Xiaomi kompaniyasi buyuk qaytishni amalga oshira oldi. Bundan tashqari, kompaniya hatto aksiyalarni birlamchi joylashtirishni ham rejalashtiryapti.

Xiaomi kompaniyasiga 2010 yilda o‘sha davrda biznesning turli sohalarida boy tajribaga ega bo‘lgan tadbirkor Ley Dzyun tomonidan asos solingan. Xiaomi birinchi navbatda zamonaviy dizayn va o‘ziga jalb etadigan narxli smartfonlari bilan mashhur. Bundan tashqari, onlayn-xizmatlar va uy uchun aqlli elektron qurilma va maishiy texnikalarni ham taklif etadi.

Foto: TechCrunch

“International Data Corporation” konsalting firmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning to‘rtinchi choragida Xitoy kompaniyasi 28,1 mln dona tovar sotib, smartfonlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi yirik to‘rtinchi kompaniyaga aylandi. Bu unga 2016 yildagi omadsiz savdolardan o‘nglanish imkonini berdi. Endilikda Gonkong fond birjasidagi kompaniyalarga turli sinfdagi qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish bilan bog‘liq o‘zgarishdan keyin Xiaomi mahalliy birjada aksiyalarni birlamchi joylashtirishga ariza beradi. Kompaniya hech qanday aniq raqamni aytmagan bo‘lsa-da, kapitalizatsiya 80 mlrd. dollardan 100 mlrd. dollargacha bo‘lishi kutilmoqda. Shunday qilib, Ley Xitoydagi eng badavlat kishilardan biriga aylanadi (korxona hujjatlaridagi ma'lumotlarga qaraganda, bosh direktor 31,41 foizlik ulushni nazorat qiladi). Tahlilchilar Xiaomi bunday darajaga erishishda imkoniyatga egaligini ta'kidlashmoqda, biroq bu kabi chiroyli natijani oqlash uchun yana ko‘p narsa qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Jadval asosidagi savdolar

Ley biznes-modelni qayta ko‘rib chiqqani sababli qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchi cheklangan partiyadagi smartfonlar bilan qisqa muddatda internetda savdo qilish orqali mashhurlikka erishdi. Chunki brend tezda sodiq muxlislar bazasini to‘pladi. Axir Xiaomi qurilmalari ko‘pincha texnik jihatdan Appledan qolishmaydi va narxi ikki baravar arzon. 2014 yildagi sarmoyalash raundi davomida Xitoy kompaniyasi 46 mlrd. dollarga baholangan. Bu esa o‘sha vaqtda xususiy kompaniya uchun dunyodagi eng yuqori natija edi. Biroq muvaffaqiyat uzoqqa cho‘zilmadi: mahalliy raqobatchilar faqat internet orqali sotish modelini zudlik bilan o‘zlashtirishdi va undan-da ilg‘or gadjyetlar chiqarishdi. Xiaomi logistikada yuzaga kelgan muammolarni hal qilishga yana ancha vaqt sarfladi. Bir yil avval “xitoycha Apple”ning smartfonlari savdosi 30 foizga tushib ketdi, Huawei va OPPO kabi raqobatchilar esa olg‘a intilayotgan edilar.

Foto: Business Insider

Hozirda foydalanuvchilarni faqat internet orqali jalb qilmaslik maqsadida, kompaniya odatiy oflayn-do‘konlarni ham ochmoqda. U yerga texnologiyalarni unchalik yaxshi bilmaydiganlar ham kelishlari mumkin. 2019 yilda dunyoda 2000 ta do‘kon ochilishi rejalashtirilmoqda, ulardan deyarli yarmi Xitoyga to‘g‘ri keladi. Bu savdo nuqtalarining ko‘pchiligi Apple do‘konlarini esga soladi: bino ichi keng, obro‘li tumanlarda joylashadi. Bu yerda Xiaomi texnikasini ham, uning hamkorlari tovarlarini ham, masalan Nyu-York birjasida sotiladigan Huamini ham xarid qilish mumkin. Asosiy g‘oya shundan iboratki, tashrifchi smartfon sotib olish uchun kelgan bo‘lsa-da, yana boshqa narsa, masalan narxi 23 dollar bo‘lgan fitnes-bilakuzugi yoki 300 dollar qiymatga teng changyutgich-robot xarid qilish haqida o‘ylashi mumkin.

“Canalys” tahliliy agentligida bozor tadqiqotlari bo‘yicha direktor Nikol Pen Xiaomi logistikani ham rivojlantirganini qayd etgan: bugun u kompyuter chiplarini ishlab chiqaruvchi “Qualcomm” bilan yaqin hamkorlik qilyapti. Xitoy kompaniyasi uning eng so‘nggi modeldagi chiplaridan foydalanmoqda.

Yaqin kelajak ko‘plab qiziqarli narsalarni va'da qilyapti. Joriy yilning birinchi choragida Xitoydagi yetkazib berishlar 37 foizga o‘sdi va 12 mln dona natijasiga erishdi , ammo bu katta yutuq emas. Ayniqsa, 21 foizlik o‘rtacha bozor ko‘rsatkichi hisobga olinsa. “Canalys”dagi tahlilchilar buni ko‘plab iste'molchilar eski qurilmalarning o‘rniga yangilarini sotib olishga shoshmayotganliklari bilan izohlashmoqda.

Global bozorga chiqish

Kompaniyaning xorij bozorlaridagi o‘sish natijasi ham xursand bo‘lish uchun zamin yaratyapti. Mutaxassislarning ma'lumotlariga qaraganda, tovarni tez  sur'atlarda o‘sayotgan Hindiston bozoriga yetkazib berish bo‘yicha kompaniya “Samsung”dan o‘zib ketgan. Xitoylik ishlab chiqaruvchi Rossiya, Indoneziyada smartfonlarni sotish bo‘yicha yirik kompaniya sanaladi. Biroz oldin kompaniya diqqatini Yevropa bozoriga qaratib, Ispaniyada ham o‘z mahsulotini sotishni boshladi. Aprel oyida bergan intervyusida katta vitse-prezident Van Syan o‘z qurilmalarining apparatga xos xususiyatlarini har bir mamlakatning sharoitiga moslashtirayotganini aytdi. Masalan, Hindistonda smartfonlar uchun quvvatlash blokini almashtirish va ularni 380 voltgacha zo‘riqishlardagi o‘zgarishlarga chidamli qilishga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Getty Images

Xorijdagi agressiv marketing kampaniyasidagi muvaffaqiyatga qaramay, Xitoyda o‘zlashtirilganlar asosiy saboq bo‘ldi. Hozirda Xiaomi ko‘plab mamlakatlarda ham internet, ham oflaynda savdolarni amalga oshirmoqda. O‘z navbatida rivojlanayotgan bozorlarda elektron tijorat u qadar yaxshi rivojlanmagan. Bunga elektron to‘lov va logistika uchun mos keladigan infratuzilmaning mavjud emasligi asosiy sababdir. Bundan tashqari, ba'zi iste'molchilar smartfon xarid qilishdan avval uni ushlab, texnik jihatlarini sinab ko‘rishni istashadi. “Counterpoint Research” tahliliy agentligi tomonidan berilgan ma'lumotlarga qaraganda, Rossiyada “Xiaomi” yalpi savdolarida internet orqali amalga oshirilganlari bor-yo‘g‘i 15 foizni tashkil qilgan.

Birjaga chiqish

Bularning bari kompaniya aksiyalarini birlamchi joylashtirishga olib keladi. Pekindagi Chunkon Oliy biznes maktabining iqtisodiyot fani o‘qituvchisi Xiaomi 100 mlrd. dollarlik kompaniya bo‘lishi uchun smartfonlar savdosiga umid qilishning o‘zi yetarli emasligini ta'kidlamoqda.

Tahlilchilarning bunday fikriga oxir-oqibat salohiyatli sarmoyadorlarni kompaniyaning uzoq muddatli muvaffaqiyati istiqbolidan shubhalanishga olib keluvchi raqobatning “qattiq” shartlari kabi omillar sabab bo‘lmoqda. “Counterpoint Research”da 2017 yilning uchinchi choragida sotilgan har bir smartfondan Xiaomi 2 AQSh dollari miqdorida sof foyda olingani hisoblab chiqilgan. O‘z navbatida, Apple tomonidan sotilgan har bir qurilma uchun bu ko‘rsatkich 151 AQSh dollarini, Samsung — 31 AQSh dollari, Huawei da esa  — 15 AQSh dollarini tashkil etgan. O‘tgan yili Xiaomi mablag‘ yo‘qotilgani to‘g‘risida hisobot berishiga to‘g‘ri keldi: kompaniya jami 18 mlrd. AQSh dollariga teng kirimda chiqimlar 6,9 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lganini aytgan. Bu yo‘qotishlar qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishidagi bir martalik xarajatlar va aksiyalar qiymatidagi o‘zgarishlarni o‘zi ichiga olgan bo‘lishiga qaramay, asosan ishlab chiqarish va marketing xarajatlarining keskin o‘sishi bilan bog‘liq.

Foto: Xiaomi

Ulkan maqsad sari intilgan Xiaomi birinchi navbatda o‘zining internet-xizmatlarini sotish bo‘yicha salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilmoqda. Bu esa Leyning biznes-modeliga to‘liq mos keladi. Kompaniya bosh direktori uchun arzon qurilmalar MIUI dasturiy qobig‘ida topish mumkin bo‘lgan - mobil o‘yinlar, elektron kitoblar va mikroqarz yoki moliyaviy aktivlarni boshqarish bo‘yicha fond kabi moliya mahsulotlarni oson tarqatish muhiti sanaladi xolos. Xiaomi ekotizimi foydalanuvchilarining 190 mln nafari o‘tgan yili har oy aynan shu komponentlarni qo‘llashgan.

Reklamalarda keltiriladigan ochiq maktubda Ley Dzyun quyidagicha fikr bildirgan: «Xiaomi bor-yo‘g‘i qurilmalar ishlab chiqaruvchi oddiy kompaniya emas. Biz internet-texnologiyalari sohasidagi innovatsiyalar dvigateli sanalamiz».

Shu nuqtai-nazardan Xitoy ishlab chiqaruvchisining biznes-modeli Amerikaning “Amazon” kompaniyasi apparat boshqarmasi faoliyatiga o‘xshab ketadi. Masalan, Amazon tomonidan taklif etiladigan aqlli kolonka musiqa strimingi va internet orqali xarid kabi xizmatlarni taklif etadi. Kundek ravshanki, bu yo‘l bilan Amerikaning gigant kompaniyasi asta-sekin foydalanuvchini yanada ko‘proq pul sarflashga majbur qiladi.

“Canalys”dagi Nikol Pen “bunday kompaniyalarni baholashdagi muhim mezon -  ishlab chiqaruvchi foydalanuvchini undaydigan xarajatlar hajmidir. Ley Dzyun sarmoyadorlar Xiaomi da aynan shunday salohiyatni ko‘rishlarini istaydi” – deydi. 

Foto: Getty Images

Xitoy kompaniyasi o‘z rejalarini hayotga tatbiq eta olish-olmasligini vaqt ko‘rsatadi. Xitoyda internet-xaridlar asosan Alibaba va Tencent platformalarida amalga oshiriladi. Bunda “Tencent“ning ko‘p funksiyali ilovasi “WeChat” asosiy o‘rinni egallaydi. Unda do‘stlarga xabarlar yozish, mobil o‘yinlar o‘ynash va xaridlar uchun onlayn rejimda haq to‘lash mumkin. Bularning bari – foydalanuvchilar ilovada ko‘proq vaqt sarflashlari uchun. Xiaomi o‘z navbatida internet-xizmatlari operatori sifatida o‘zining alohida muvaffaqiyatlari bilan maqtana olmaydi. Axir ulardan tushgan daromad o‘tgan yili kompaniya jami daromadining bor-yo‘g‘i 8,6 foiziga to‘g‘ri kelgan.

“Gartner”dagi Lu quyidagicha fikrda: “Xiaomi apparat ta'minoti bozorida muvaffaqiyatli, biroq u hozirda internet xizmatlar asosidagi ekotizim yaratishni istamoqda. Biroq bundan oldin uzoq yo‘l bosishiga to‘g‘ri keladi. Hozircha elektron qurilmalar oldingidagidek daromadning asosiy manbai bo‘lib qolaveradi”.

Ko‘proq yangiliklar: