Uganda parlamenti ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va mobil qurilmalar orqali pul tranzaksiyalarini amalga oshirishga soliq joriy qilinishi haqida qonunni ma'qulladi. Bu haqda Africa News portali ma'lum qildi.
Yangi qonunga ko‘ra ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Facebook, Twitter va WhatsApp foydalanuvchilari kuniga 200 shilling (0,027 dollar) to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Qonun 30 may kuni qabul qilingan.
Uganda hukumatining ma'lum qilishicha, soliq davlat daromadlarini oshirish uchun kiritilgan. Ushbu daromad davlat xizmatlari sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Ta'kidlanishicha, aholisi 41 mln kishi bo‘lgan Ugandada 23,6 mln kishi mobil telefonga ega, 17 mln kishi internetdan foydalanadi.