Porsche konserni barcha yangi avtomobillarini sotishni to‘xtatdi. Bu haqda Frankfurter Allgemeine nashri ma'lum qildi.
Nemis nashri ma'lumotlariga ko‘ra, bu Yevropada 2018 yil sentabrdan chiqindi gazlaridagi zararli moddalar miqdori bo‘yicha yangi me'yorlar amal qilishi boshlanishi hamda chiqindilarni o‘lchash tartiboti o‘zgarishi bilan bog‘langan. Avtokonsern saytida mashinaga buyurtma berish vaqtida “Siz tanlagan modelni ayni vaqtda sozlab bo‘lmaydi” degan yozuv chiqmoqda.
Mijozlar Cayenne va Panamera modellarini 2019 yil martigacha kutishlariga to‘g‘ri keladi. 911 modeli qachon sotila boshlanishi noma'lum.
O‘tgan yil Germaniyada havoni ifloslantirish me'yorlari buzilgani sababli dizelda ishlovchi Porsche Cayenne’dan foydalanish taqiqlangandi. Bu avtomobillarda chiqindilarni tekshirishda yolg‘on ko‘rsatkichlar ko‘rsatuvchi qurilma qo‘llangan.